Oʻzbekistonda Janubiy Koreya biznesi uchun eng qulay sharoitlar yaratiladi

0
130
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In Oʻzbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumining ochilish marosimida ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya ishonchli va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlardir. Mamlakatimiz iqtisodiyotidagi  Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Koreya milliy neft korporatsiyasi, Eksimbanki, “Kogas”, «Lotte group», «Samsung», «Hundai», «Shindong resources» va boshqa koʻplab yetakchi kompaniyalari yurtimizda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. 

Davlatimiz rahbari Koʻksaroyda oʻtgan muzokaralarda ishbilarmonlik aloqalarini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, oʻrta va kichik biznesni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.

— Bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlar ulkan gʻoya va loyihalarni hayotga dadil joriy etish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Oʻtgan yili mamlakatimizda yangi qoʻshma korxonalar soni 3 barobar koʻpaydi. Ularning orasida Koreya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 160 ta korxona mavjud. Biz bundan buyon ham Koreya biznesining mamlakatimizdagi ishtirokini kengaytirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga tayyormiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koreya Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston azaldan savdo, ilm-fan, madaniyat markazi boʻlgani, bugungi kunda ham biznes uchun keng imkoniyatlar ochilayotganini qayd etdi. Janubiy Koreya Oʻzbekistondagi investitsiyaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi. 

«Oʻzekspomarkaz»da oʻtkazilgan forumda ikki mamlakat iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirok etdi. Xususan, Koreya Respublikasining 150 ta kompaniya va tashkilotidan 350 dan ortiq vakillar qatnashdi. Kompaniya va tashkilotlar oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, tovarlar yetkazib berish va xizmat koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.

Biznes-forumda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod boʻlgan muhim kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi. Ular energetika, neft-gaz, ximiya va togʻ-kon, mashinasozlik va elektr texnikasi, transport va logistika, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, infratuzilmalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli tibbiyot kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan.

«Angren» iqtisodiy zonasini «Inchxon» erkin iqtisodiy zonasi boshqaruviga berish, «Boʻstonliq-farm» hududida eng zarur dori vositalari ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvlar alohida eʼtiborlidir.

Prezidentimiz Koreya biznesini mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.