Oʻzbekistonda mehnat migratsiyasining oʻsishi – zaif oilalarni qoʻllab-quvvatlovchi tuzilmalar uchun yangi vazifalarni yuzaga keltirdi. Migratsiya bilan bogʻliq muammolarni hal qilish uchun Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi ijtimoiy xizmat sohasidagi xodimlar uchun migratsiya taʼsiriga uchragan bolalar va oilalar bilan ijtimoiy ish amaliyoti boʻyicha treninglar oʻtkazdi.
Ushbu tadbirlar Oʻzbekistonning toʻrtta viloyatida — Buxoro, Fargʻona, Surxondaryo va Xorazmda muhojir ota-onalar tomonidan qoldirilgan bolalarni aniqlash va himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihaning bir qismidir. Loyiha Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va YUNICYeF tomonidan amalga oshirilib, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan.
«Ota-onalarning bolalarning kundalik hayotida uzoq vaqt davomida boʻlmasligi ularning farovonligi va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin», — dedi Fargʻona viloyati voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiya masʼul kotibi Qobiljon Hasanov. «Treningning maqsadi bolalarni parvarish qilish boʻyicha mutaxassislarni migratsiya taʼsiriga uchragan bolalarni yanada yaxshi himoya qilishlari uchun ijtimoiy ish koʻnikmalariga oʻrgatish edi.»
Toʻrtta tanlangan viloyatda oʻtkazilgan treninglar davomida ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasining 94 vakili, shu jumladan viloyat va tuman vasiylik va homiylik idoralari, voyaga yetmaganlar va mahalla mutaxassislari ijtimoiy ish koʻnikmalari va axloqiy meʼyorlar bilan tanishtirildi. Ular oiladagi vaziyatni baholash usullarini, shuningdek insonning atrof-muhit bilan ijtimoiy va shaxsiy munosabatlarini koʻrsatadigan ekologik xarita diagrammasini tuzishni oʻrganishdi.
Surxondaryo viloyati kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi mutaxassisi Goʻzal Xaylovaning soʻzlariga koʻra, u muhojir ota-onalar tomonidan qoldirilgan bolalar bilan tez-tez muloqotda boʻladi. «Ularning baʼzilari agressiv xulq-atvorga ega. Trening davomida olgan koʻnikmalarim ushbu bolalarga ular duch keladigan qiyinchiliklarni engib oʻtishiga yordam beradi», dedi u.
Toʻrt kunlik seminar davomida ishtirokchilar videomateriallarni va amaliy mashgʻulotlarni guruhlarda muhokama qilish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va oilalar bilan ishlashning turli usullarini oʻrganishdi. Treningdan keyin ular migratsiya taʼsiriga uchragan oilalar bilan ishlashda olgan bilimlarini qoʻllashlari kutilmoqda.
BMTning Oʻzbekistondagi vakilligi sayti