Yurtimizda “yashil” energiya manbalari texnologiyalarini joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, dunyoning “Masdar” va «ACWA Power» kabi yetakchi xorijiy kompaniyalari ishtirokida quyosh panellari va shamol generatorlari stansiyalarini ishga tushirish boʻyicha loyihalar tatbiq etilyapti.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi oʻrinbosari Jahongir Jamolov va “Masdar” kompaniyasi vakili Bekzod Teshaboyev oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda bu haqda soʻz bordi.
Uchrashuv davomida respublikada shamol va quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, energiya saqlash tizimlari qurilishi uchun mahalliy elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan mahsulotlar yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy kompaniya loyihalarini amalga oshirishda mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etish joiz, davlatimiz rahbari tomonidan 2030 yilga qadar “yashil” elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 27 GVtga yetkazish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, “yashil” energetika loyihalari uchun 500 million dollarlik kabel-sim mahsulotlariga ehtiyoj borligi qayd etilmoqda.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi mazkur vazifalardan kelib chiqib, “Masdar”, «ACWA Power» va boshqa yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga ahamiyat qaratmoqda. Bu saʼy-harakatlar mamlakatimizning ekologik toza energiya manbalariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, OʻzA