Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasining Madaniyat kunlari boʻlib oʻtdi. Dastur doirasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida ikki xalq sanʼati ustalarining konserti uyushtirildi.
Oʻzbek va tatar xalqlarining umumiy tarixi mavjudligi, anʼana va milliy urf-odatlarning oʻxshashligi tufayli azal — azaldan yaqin madaniy aloqalar oʻrnatishga, yutuqlarni birga baham koʻrishga imkon bergan. Bu anʼanalar bugun ham davom etmoqda. Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasi Madaniyat kunlarining oʻtkazilishi hamkorlikning yangi bosqichdagi amaliy timsoliga aylandi.
Bugungi kunda respublikamizda eng yirik tatar diasporalaridan biri — 240 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi, ularning deyarli yarmi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiladi.
1990 yilda poytaxtda respublikaning eng faol milliy madaniy markazlaridan biri boʻlgan Tatar jamoat madaniy-maʼrifiy markazi tashkil etildi. Ushbu markaz tomonidan turli xil bayramlar oʻtkazilib, ularga keng jamoatchilik jalb qilinadi. Viloyatlarda tatar xalqining tili, madaniyati, urf-odatlarini saqlashda faol ishtirok etadigan yana sakkizta tatar jamoat birlashmasi mavjud.
Tatar xalqi Oʻzbekiston rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelgan. Oʻzbekistonda katta hurmat bilan tilga olinuvchi Rim Geniatullin, Galiya Izmaylova, Chingiz Axmarov va kabi fan, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va sanʼat sohasi fidoyilarini yaxshi bilishadi.
Bugun mamlakatimizda dunyoning barcha davlatlari bilan koʻp tomonlama hamkorlik qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda.
Bunday madaniy tadbirlarni oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan, bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi.
Samarqand shahridagi «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, Termizdagi Baxshichilik sanʼati xalqaro festivali, Shahrisabzdagi Maqom xalqaro anjumani va yaqinda Qoʻqonda boʻlib oʻtgan hunarmandchilik xalqaro festivalida Rossiya, xususan Tataristondan musiqachilar ishtirok etdilar. Shuningdek, oʻtgan yili sentyabr oyida Galiasgar Kamal nomidagi Tatar davlat akademik teatrining Toshkent shahridagi gastrol safari muvaffaqiyatli oʻtdi.
Madaniyat kunlarining ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali tadbirda tatar madaniy markazi faollari, Oʻzbekistondagi diasporalar, diplomatlar, jamoat arboblari, madaniyat va sanʼat xodimlari ishtirok etdilar.
Teatr foyesida badiiy-amaliy sanʼat koʻrgazmasi, rasmlar, shoir va yozuvchilarning kitoblari taqdimoti, sanʼatkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkillashtirildi.
Ochilish marosimi bayramona koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Shuningdek, mehmonlar dastur doirasida Xastiimom majmuasini ziyorat qilishdi, Temuriylar tarixi va Amaliy sanʼat muzeyini tomosha qildilar.
Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati