Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mehri Abdullayevani eslab…

0
148
marta koʻrilgan.

Jurnalistika kasbining goʻzal tomoni shuki,  kasb egasi hamisha odamlar orasida boʻlib,  yangi-yangi tanishlar orttiradi, insonlar  taqdiridan saboqlar chiqaradi…

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mehri Abdullayeva bilan kasbim taqozasi bilan tanishdim. U paytlarda Oʻzbekiston televideniyesida muharrir boʻlib ishlardim. Rejissyorimiz Gʻayrat aka (oxirati obod boʻlsin) Mehri Abdullayevaning yubileyi keng nishonlanayapti, yarim soatlik koʻrsatuv qilsak,  deb qoldi. Bir umr adabiy- dramatik koʻrsatuvlarda faoliyat olib borgan  Gʻayrat aka sanʼatkorni yaxshi bilar ekanlar, biz tanishishni uyidagi suhbatdan boshladik. Sanʼat sohibasi bilan suhbatlashib, yangi bir dunyoni kashf qilgandek boʻldim.

Mehri opaning yoshligi oʻzbek xalqining sevimli yozuvchisi Oybek  domlaning “Kurashadi  ikki toʻlqin qarab  turaymi, tarix rulin ketga buraymi!?”  deya sheʼriy satrlari  bitilgan  paytlarga toʻgʻri kelgan.

Mehri opaning bolaligi ikki toʻlqin kurashib turgan paytlarga toʻgʻri kelgani uchun maktabda oʻqimagan. Keyinchalik  Namanganda tashkil etilgan dastlabki xotin-qizlar klubi qoshidagi savodsizlikni tugatish kursida oʻqish bilan birga shu yerdagi musiqa truppasiga ham qatnay boshladi. Vodiyning keksa xonanda va sozandalaridan qoʻshiq aytishni, dutor chalishni oʻrgandi. U oqshomlari teatr sahnasida mashq qilar, kechalarni mutolaa bilan oʻtkazar, kunduzi tinimsiz izlanishlar…

Yana suhbatimiz davomida yangi tugʻilgan chaqaloqni bagʻriga bosib  er-xotin sanʼatkorlar  uzoq qishloqlarda haftalab mehnat safarida boʻlib, qoʻshiqlar kuylashganini, u paytlar hozirgidek goʻzal madaniyat uylari boʻlmaganligi tufayli  ochiq maydonlarda,  paxtazoru gʻallazorlarda, hatto bexosdan yomgʻir sharros quyib qolganida molxonalarda kuylashganini eshitib hayratlanganman.

Fargʻona kanali bunyod etilayotganida u yerda  safarda yurganida qizini kechasi qurilish maydonida tuqqanini eshitib, jasoratiga ajablanganman.

Suhbatlashayotgan paytimizda ichkaridan endi emaklayotgan goʻdakdek bir farzandi sudralib chiqib keldi.  Ushbu farzandim kechani kecha kunduzni kunduz demay  qor-u yomgʻirlarga qaramay dalalarda kuylaganimizning natijasi, sekin tin oldi u. “Bizning yoshligimizda hozirgidek, yangi boʻshangan ayolning bir yillik taʼtili yoʻq edi. Turmush oʻrtogʻim bilan bolalarni chaponimizning ichiga, qoʻrtigʻimizga olib yoʻlga tushardik. Qishloqma qishloq yurardik. Ochiq dalalarda  dutor chalib  kuylardik. Bir qoʻlimizda farzandimiz, bir qoʻlimizda dutorimiz boʻlardi, – dedi mayusgina. Ana shunda ushbu sanʼatkorni uni bilganlar nega qadrlashini anglab yetdim…

 Uning oʻzi taʼkidlashicha,  sanʼatga mehr qoʻyib kam boʻlmadi, baxtini topdi. Oʻzidek nafosat shaydosi  Hamro Abdullayev bilan turmush qurgach,  ular birgalikda Qoʻqondagi “Joʻr truppa”da qoʻshqanot boʻlib ishlay boshladilar. Er-xotin sanʼatkorlarni 1930 yilda Oʻzbekiston Davlat musiqali  teatri (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri)ga taklif etishdi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Hamro Abdullayev oxirati obod boʻlsin biz Mehri opa bilan tanishganimizda vafot etgan edi. Eri oʻzbek, Mehri opa esa uygʻur qizi.

– Otamni eslay olmayman. U qashshoqlikda barvaqt vafot etgan. Onam bir etak bola bilan  qolgan ekanlar. Kambagʻalparvar yangi hukumat biz yetimlarni bagʻriga oldi. Dutor chalishga, qoʻshiq kuylashga oʻrgatgan ustozlarim esa oʻzbeklar edilar.  Oilamdagilar va atrofimdagi ustozlar boshqa millat vakili ekanligimni hech taʼna qilgan emaslar,– deydi ehtirom bilan u.

Sanʼatkorlar oilasida besh qiz dunyoga keldi.  Ulardan birining ismi Kanalxon.  U bir umr  shifokor boʻlib elga xizmat qildi. Ismini Oʻzbekiston oqsoqoli Yoʻldosh Oxunboboyev qoʻyganidan faxrlanib yuradi…

1939 yili Katta Fargʻona kanaliga birinchi ketmon urildi.  Umumxalq hashari boshlandi. Unga sanʼatkorlar ham  jalb etildilar.  Kanal boʻylab kuni bilan mikrofondan xush navolar taralib odamlarni  zavq-shavq bilan ishlashga chorlardi. Tushlik va oqshom paytlarida oʻyin-kulgi, kuy-qoʻshiq, hazil-mutoyiba avjiga chiqar edi.  Shoirlar sheʼr yozishar, bastakorlar kuy toʻqishar,  xonandalar ularni yod olib ulgurishmasdi.  Mehri opa esa shoir Akmal Poʻlatdan olgan qoʻshiqni qogʻozga qarab kuylay boshlardi.

Bu yerga gul elimning togʻ kesar Farhodlari kelgan,

Asov daryoni toʻsgan dovyurak shaddodlari kelgan.

Uring ketmonni, lomidan keng adirlar paxtazor boʻlsin,

Kanalda ishlaganlar yuz va ming yillar omon boʻlsin.

Quruvchilar Mehrining “Tanovor”ini nihoyatda sevardilar. Jon olguvchi  tarona yangraganda atrof suv quygandek jim boʻlar, sanʼatkor ovozi dutor tori birla  yuraklarni chertardi. “Omonyor”ga “Dilxiroj” ulanar, qoʻshiqlar qalblarga qanot bagʻishlar, bundan ruhlangan kanalchilar bir kunda uch-toʻrt norma bajarishardi. Boʻsh vaqtlarida  sanʼatkorlar ular bilan tengma-teng kanal qazir edilar.

Tamaraxonim, Mukarrama Turgʻunboyeva, Halima Nosirovalar ham bu yerda tez-tez boʻlib turishardi. Oʻzbekiston filarmoniyasining Lutfixonim Sarimsoqova boshchiligidagi  “Dutorchilar” ansambli esa doimo shu yerda edi. Ular 25 nafar edilar. Mehri Abdullayeva  ogʻiroyoq boʻlishiga qaramasdan kanal qurilishiga keldi, Oʻzi ishlayotgan ijodiy truppadan  ajralib qolgisi kelmadi.

Bu yerda Zuhro yulduzi koʻchmasdan karnay-surnay sadolari yangrardi. Kanalchilarni shu yoʻl bilan uygʻotish  odat tusiga kirgandi.

 Yarim tunda sanʼatkor qizlar chodirida bezovtalik boshlandi.  Karnay-surnayning tonggi taronasidan soʻng qoʻshiq boshlanardi. Oʻsha kuni radiokarnaydan ovoz yangradi: – Diqqat-diqqat! Oʻrtoqlar, miting maydoniga marhamat, xushxabar bor!

Uch ming kanalchi bir zumda toʻplandi. Yoʻldosh ota Oxunboboyev soʻz boshladi: “Oʻrtoqlar, safimiz yana bir kishiga koʻpaydi. Qiz bola dunyoga keldi. Ismi oʻzi bilan tugʻildi. Kanalxon qoʻyamiz. Qadami qutlugʻ, umri uzoq, suvdek serob boʻlsin!

Oʻzbekiston oqsoqoli Yoʻldosh Oxunboboyev goʻdakni baland koʻtardi-da, peshonasidan oʻpdi va dedi: Endi hamma joy-joyiga.

Barchaning kayfiyati chogʻ edi. Odamlar yanada zoʻr shijoat bilan ishga kirishdilar. Yigitlar zil-zambil tuproqni Kanalxon  sharafiga deb qazib tashidilar. Goʻdak qadami qutlugʻ keldi. Katta Fargʻona kanali 45 kunda bitkazildi. Yangi tuqqan M.Abdullayeva atigi  6 kungina yotdi, yettinchi kuni yana xizmatga chiqdi.

– Mehri opa qizingizning taqdiri barchani qiziqtiradi, – soʻradim men.

– Kanalxon Muhammedova  respublika qon quyish institutida boʻlim boshligʻi. Uch nafar farzandi bor. Katta oʻgʻli armiyada, javob berdi Mehri opa.

– Uygʻurcha ashulalarni ham bilasizmi?

– Albatta. Kuylab beraymi? Bu qoʻshiqni  1951 yilda Xitoy Xalq  Respublikasining Sinszyan viloyatida boʻlgan madaniyat va doʻstlik kunlarida ijro etganman. U yerga 50 nafar sanʼatkor borgandik. “Olti kaptar”, “Oyxonim” kabi uygʻur xalq qoʻshiqlarini kuyladim.

U uygʻurcha qoʻshiq boshladi. Soʻzlarini eʼtiborga olmaganda oʻzbek musiqasiga nihoyatda hamohang edi.

– Siz Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati oʻn kunliklarida ham qatnashganmisiz? (Oʻsha paytlarda bu tadbirlar juda mashhur edi).

– Moskvada oʻtkazilgan uchta 1937, 1951, 1959 yilgi sanʼat bayramlarida ishtirok etganman. Dekadalar xalqlar doʻstligining ramzi boʻlib, uchrashuvlarda bir-birimizdan qoʻshiq va raqslar oʻrganardik, repertuarimiz boyirdi.

– Hayotingizdan. taqdiringizdan  mamnunmisiz?

– Boʻlmasam-chi, Respublika teatr jamiyati bu yil tavallud topganimning 75 yilligi va ijodiy faoliyatim boshlanganligining 60 yilligini  nishonladi. Bunday baxtga musharraf boʻlgan ham boʻlmagan ham bor. Ikkinchi jahon  urushi jangohlarida  qoʻshiq aytardik. Fayzixon Mirzajonova degan qizimiz urush qurboni boʻldi. Shunaqa chiroyli kuylar ediki… U biroz mayuslashadi. Ana shunday jangohlardan omon chiqdik. Bu bizga taqdirning inomi emasmi?

– Ayni kunda Zebo Gʻaniyeva nomidagi frontchi qizlar ansamblida qatnashayapsiz. Bu sizga ogʻirlik qilmaydimi?– maʼyus fikrlaridan chalgʻitish uchun yana soʻradim. (Izoh: Suhbatlashgan chogʻimizda  ikkinchi jahon urushi gʻalabasining 30 yilligiga bagʻishlab Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gavhar Raximova saperchi qiz Zebo Gʻaniyeva nomidagi frontchi qizlar ansamblini tashkil qilgan edi. Zebo Gʻaniyeva sharqshunos olima. Urushdan keyin Moskva yashb, sharqshunoslik ugiversitetida ishlagan).

– Yoʻq, aslo. Kuylasam, ruhlanib yayrab ketaman. Urush davri qoʻshiqlarini qayta tiklayapmiz.

– Oʻzingiz yakka ijro etadigan qoʻshiq ham bormi?

– Rahmatlik Chustiy domlaning gʻalabaga bagʻishlab yozgan “Quvon xalqim” qoʻshigʻini kuylayman.

– Ona yurting – oltin beshiging, deydi xalqimiz. Siz buni qanday tushunasiz?

– Men uygʻur qizi boʻlsam-da, Oʻzbekistonda tugʻilib, shu diyorda ulgʻaydim. Shu jonajon oʻlkada esimni tanib, qalam va dutor ushlashni oʻrgandim. Urush yillari shoir Kamtarning ashulasini kuylar edim. U shunday satrlar bilan yakunlanardi:

Kamtaring chun tuprogʻing zar,

suvlaring qandu asal.

Oʻzbekiston paxtazorim,

saqlamoqqa men boray.

Koʻpincha “Kamtaring chun” oʻrniga “Mehring uchun” deya oʻzimni  qoʻshib kuylar edim. Bu mening yurak-yurakdan otilib chiqqan oʻzbek xalqiga minnatdorlik soʻzlarim. Ushbu goʻzal  diyorda tugʻilib oʻsganim, umrimning koʻpini uning xizmatiga bagʻishlaganim bilan faxrlanaman. Tuprogʻi zar–Oʻzbekistonim deya, ardoqlayman.

 Bu oʻsha paytdagi koʻrsatuvimizdagi suhbatlar edi.  Keyinchalik Mehri Abdullayeva haqida gazetaga ham maqola yozdim. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mehri Abdullayevaning oxirati obod boʻlsin. Yotgan joyi nurga toʻlsin. Roʻza ayyomi, Xotira va qadrlash kuni yaqinlashib kelayotgan ushbu kunlarda jafokash, zahmatkash insonlarni yana bir bor xotirlab qoʻyish burchim, deb oʻyladim. Chunki, bugungi yoshlarimiz  xalqimiz qanday qiyin davrlarni boshidan oʻtkazganligini, oʻzbek sanʼatining fidoyilarini bilib qoʻyishlari kerak…

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.