Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 avgustdagi yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarorida oʻz aksini topgan.
Akademiya Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hamkorligida tashkil etadi.
Yoshlar akademiyasiga oʻzlarining innovatsion loyihalari va gʻoyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalar tanlov asosida qabul qilinadi.
Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
- davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;
- iqtidorli va tashabbuskor yoshlar boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini taʼminlash;
- ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
- yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal yetishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan ilgʻor texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;
- ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yoʻnaltirish;
- yoshlarning startap loyihalarini xoʻjalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish boʻyicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirish;
- iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga koʻmaklashish;
- xalqaro va mahalliy darajada eʼtirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar oʻrnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yoʻnalishlar boʻyicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar oʻtkazish.
Yoshlar akademiyasi faoliyati doirasida mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellash va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalari amalga oshiriladi.
Foto: Yuriy Korsunsev / «Gazeta.uz»