Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni zamonaviy kadrlarga boʻlgan ehtiyojni toʻldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident.uz. saytida.
Keyingi yillarda taʼlim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Prezident qarori bilan 2017-2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Joriy yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlandi.
Albatta, bunday eʼtibor yaqin kelajakda oʻz samarasini beradi. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan bir paytda shu surʼatga mos ilgʻor kadrlar mamlakatimizga bugun kerak.
Hozirgi tizimli oʻzgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va koʻnikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon boʻlib qoldi.
Masalan, xorijda doktorantura va magistraturada oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil qilish boʻyicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortiq. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajriba ega 600 nafardan ziyod vatandoshlarimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor.
Yaʼni, bugun kechiktirib boʻlmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga boʻlgan ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa bu raqam kamida 50-100 baravarga oshadi.
– Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak boʻladi? Shuni hozirdan chuqur oʻylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalashimiz kerak. Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 25 sentyabrdagi farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tashkil etilgan edi.
Jamgʻarma oldiga oʻzbekistonlik iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistratura dasturlari boʻyicha oʻqitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot oʻrnatish, ularni mamlakatimizda boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qoʻmak berish vazifalari qoʻyilgan.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yilda davlat byudjetidan 45 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, bu mablagʻ yanada oshiriladigan boʻldi.
Yigʻilishda shu yoʻnalishdagi ishlarni toʻgʻri tashkillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlar Mahkamasiga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Oliy taʼlim vazirligi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga kadrlarni xorijga yuborish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni aniqlab, tanlov eʼlon qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Jamgʻarma Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda qimmatli tajribaga ega boʻlgan vatandoshlarimiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar toʻgʻrisida maʼlumotlar reestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning maʼlum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltirish kerakligini alohida taʼkidladi.
Yigʻilishda yana bir masala – istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning kasb malakasini uzluksiz oshirib borishga koʻmaklashish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida respublika boʻyicha vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbar kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida tanlov oʻtkazish belgilangan edi.
Tanlovning dastlabki bosqichidan soʻng 8 ming 334 talabgordan 3 ming 825 nafari keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. Yakunda 50 nafar yuqori malakali kadr tanlab olinadi.
Davlatimiz rahbari tanlovning final bosqichi ishtirokchilarini qisqa muddatli kurslar orqali malakasini oshirish kerakligini taʼkidladi. Tanlov gʻoliblarining stajirovkasi qaysi rivojlangan mamalakatda, qaysi tashkilotlar va qanday mezonlar asosida oʻtkazilishini aniq belgilash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Prezident koʻrsatib oʻtgan masalalar ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlar hisobot berdi.