Oʻzbekistonlik hojilar «Eng namunali hojilar», deb eʼtirof etildi

0
349
marta koʻrilgan.

Joriy yil 9-12 avgust kunlari Qarshi xalqaro aeroportidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 800 nafardan ortiq yurtdoshimiz Haj amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga joʻnab ketgan edi. Ular 32 kun davomida muborak Haj ziyoratini ado etib, Vatanimizga eson-omon qaytib keldi. 

Bu yil Qashqadaryo viloyatidan 413 kishi muqaddas Haj ziyoratini ado etdi. Mana shunday saodatli damlarda Haj amallarini ado etgan yurtdoshlarimiz bugungi dorilomon kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik soʻrab, xayrli duolar qildi. 

– Shu kunlarga yetkazganiga Allohga hamdu sanolar boʻlsin. Haj ziyoratida ibodat amallarini toʻkis ado etdik, – deydi Qambar momo Sofiyeva. – U yerda bizga yuqori darajada xizmat koʻrsatildi. Shinam mehmonxonalarga joylashdik, avtobuslar xizmatimizda boʻldi. Hammani bu saodatga musharraf qilsin. Biz keksalarga shunday qulayliklar yaratib bergan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. 

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, yurtimiz istiqlolga erishgandan soʻng viloyatdan 4 mingdan ziyod kishi Haj amalini bajarib qaytdi. Yurtdoshlarimizning Haj amalini bajarishi uchun davlatimiz tomonidan qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda ham Haj amallarini toʻla-toʻkis ado etish uchun Saudiya Arabistonida ziyoratchilarga hashamatli mehmonxona, qulay sharoitlar, isteʼmollari uchun pokiza va lazzatli taomlar, boradigan manzillari uchun avtobuslar, malakali tibbiy xizmatlar muhayyo qilindi. 

– Hojilarimiz Haj ziyoratini juda tartibli ado etdi, – deydi ziyoratchilar guruhi rahbari Oʻtkir Gʻuzorov. – Bunday deyishimga sabab, Madina shahri amiri Faysal ibn Salmon hazratlari dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan Haj delegatsiyalari rahbarlari uchun oʻtkazilgan qabul marosimida oʻzbekistonlik hojilar eng namunali hojilar boʻldi, deb eʼtirof etdi va buning uchun davlatimizga, hojilarimizga, ishchi guruhga alohida minnatdorlik bildirdi. Bu ham biz uchun katta sharaf. Zero, bu hojilarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib avlod ekanliklarining amaldagi isbotidir. 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.