Oʻzbekistonlik tadbirkorlar Afgʻonistondagi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldini olishga koʻmaklashmoqda

0
96
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlik va yaqin qoʻshnichilik, azaliy doʻstlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanmoqda, deya xabar beriladi gov.uz saytida

Buni mamlakatimizning janubdagi hududi – Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin. Jumladan, 2017 yili Termiz tumanida afgʻonistonlik tadbirkorlarga sifatli xizmat koʻrsatadigan “Termiz kargo” eksport markazi tashkil etilib, zarur qulaylik yaratildi. Konsullik vakili, bojxona terminali binosi, omborlar bunyod etildi. Mazkur markaz mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari va ishbilarmonlari bilan afgʻonistonlik tadbirkorlar, sarmoyadorlar doirasining hamkorlik aloqalarini keng yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻldi. 2018 yil yanvar oyida Termiz tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyat boshladi.
 
Prezidentimizning bevosita gʻoyasi asosida barpo etilgan dunyoda muqobili yoʻq zamonaviy taʼlim muassasasi Afgʻoniston tomoni ehtiyojlari asosida iqtisodiy-ijtimoiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalar uchun yetuk malakali oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozir barcha sharoitlarga ega mazkur markazda yuzga yaqin afgʻon oʻgʻil-qizlari taʼlim olmoqda. Davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarining har tomonlama rivojlanib borayotganini Termiz shahriga kelayotgan afgʻonistonlik mehmonlar ham faxr-iftixor bilan eʼtirof etmoqda.
 
– Oʻzbek va afgʻon xalqi qadimdan bitta daryoning ikki qirgʻogʻida yashagan yaqin qoʻshnilardir, – deydi Afgʻoniston Respublikasining Shibirgʻon shahridan kelgan Qodiriy Abdurazzoq. – Jiyanimning biroz tobi qochgan ekan, oʻylab ham oʻtirmay, shundoq Amudaryodan oʻtib, shahringizdagi kasalxonaga olib kelaverdik. Tez kunda sogʻligʻi tiklandi. Shifokorlar javob beramiz, deb turishibdi. Termiz shahrida ham zamonaviy tibbiyot yuksak darajada rivojlanganini koʻrib, juda mamnun boʻldik. Yurtingizdagi tinchlik, obodlik va soʻnggi yillarda yuz berayotgan yangilanishlarga havas qilamiz. Bundan bir necha yil avval Oʻzbekistonga oʻtish uchun chegarada ortiqcha rasmiyatchiliklarga duch kelganmiz. Bu safar ana shu muammolarga chek qoʻyilganidan ham quvondik. Biz, Oʻzbekistonning afgʻon yurtidagi vaziyatni siyosiy yoʻl bilan hal etish, tinchlikni taʼminlash, barqarorlikni tiklash va iqtisodiyotni rivojlantirish tarafdori boʻlib kelayotganini juda qadrlaymiz. Iqtisodiy, savdo, taʼlim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarimiz mustahkamlanib borayotganidan faxrlanamiz.
 
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida ham Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, afgʻon xalqining oʻz taqdirini mustaqil, tinch yoʻl bilan hal qilishiga erishish masalasini xalqaro miqyosda koʻtargani Oʻzbekistonning yaqin qoʻshni davlatdagi vaziyatga befarq emasligiga yorqin misoldir.
 
Qoʻshni davlatda barqarorlikni tiklash, iqtisodiyotini yuksaltirish tarafdori boʻlib kelayotgan mamlakatimiz Afgʻonistondagi togʻ-kon sanoati, qurilish, energetika, taʼlim sohalaridagi loyihalarni roʻyobga chiqarishda qatnashayotir. Oʻzbekiston yordami bilan yaqin birodarlarimiz uchun yuqori voltli elektr energiyasi va optik tolali kabel liniyalari, suv taʼminoti tarmogʻi, koʻpriklar, temir yoʻl bunyod etilgan. Neft mahsulotlari, elektr energiyasi, mineral oʻgʻitlar, polietilen qop, oziq-ovqat, qadoqlash xaltalari va boshqa xalq isteʼmoli mollari eksport qilinmoqda.
 
Surxondaryo viloyati hokimligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2018 yildan boshlab “East West Surxon” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona, “Surxondaryodonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati, “Surxon Eksport Savdo”, “Surxon Import Eksport Agro” agrofirmalari, “Surxon Golden Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyati kabi bir qator xoʻjalik yurituvchi subyektlar Afgʻoniston Respublikasidagi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldini olishga koʻmaklashayotir. Ular qoʻshni davlatdagi buyurtmachilariga un, meva-uzum, sabzavot, mayiz, qatiq, dukkakli va boshqa tabiiy, arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. “Xomkon-Sherobod Taraqiyot” fermer xoʻjaligi, “Jarqo’rg’on parranda”, “Angor Surxon Gururi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan sassiq kovrak, parranda tuxumi va yer yongʻoq kabi mahsulotlarni eksport qilish yoʻlga qoʻyilgani surxondaryolik tadbirkorlar bilan afgʻon ishbilarmonlarining oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
 
– Biz, yon qoʻshnimiz afgʻon xalqining ham tinch, toʻkin turmush kechirishini istaymiz, – deydi Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Jarqo’rg’on parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Abduqahhor Qulmatov. – Oʻtgan yili barpo etilgan zamonaviy parrandachilik fabrikamizda 400 mingdan ortiq tovuq parvarishlanmoqda. Yil oxirigacha tovuqlar sonini 1 millionga yetkazishni rejalashtirganmiz. Yetishtirilayotgan parranda tuxumining bir qismini qoʻshni davlatdagi hamkorlarimizga yetkazib berish uchun shartnoma tuzdik. Joriy yilning oʻtgan davrida Afgʻoniston Respublikasiga 400 ming dollardan ortiq qiymatdagi tabiiy, arzon mahsulot eksport qildik.
 
Bu ishlarning barchasi ikki qoʻshni davlatning samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.