“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi “Fuqarolarning reproduktiv qarashlari, reproduktiv salomatlik va reproduktiv huquq haqidagi jamoatchilik fikri” mavzusida soʻrov oʻtkazdi.
Undan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimiz fuqarolarining reproduktiv qarashlari, “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” tushunchalari haqidagi tasavvurlarini aniqlash, fuqarolarning oilani rejalashtirish va aholi salomatligini saqlash masalalaridan xabardorlik darajasini oʻrganishdan iboratdir.
Soʻrovda yurtimizning barcha fuqarolari – respublikamizning barcha viloyatlaridagi turli aholi qatlamlari vakillari, barcha yoshdagi xotin-qizlar va erkaklar, turli millat va din vakillari ishtirok etdi.
Jamiyatimizda oila munosib avlodni tarbiyalovchi muhim ijtimoiy institut mavqeiga ega boʻlib, farzandlar eng muhim hayotiy neʼmatlardan biri, baxtli va mustahkam oilaning zarur sharti hisoblanadi. Aksariyat soʻrov qatnashchilari (73,9 foiz) farzand – oila mazmuni va oilaning eng asosiy boyligi, degan fikrga qoʻshiladi.
Soʻrovda fuqarolarning oilada farzandlar soniga doir istaklari ham aniqlandi. Masalan, koʻpchilik oʻzbekistonliklar oilada uch nafar (35 foiz aholi) yoki toʻrt nafar (30,8 foiz) farzand boʻlishini xohlaydi. Soʻralganlarning 13,2 foizi oilada besh nafar yoki undan koʻproq farzand koʻrish tarafdori. Bular asosan Surxondaryo viloyati (34,8), Xorazm viloyati (19 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (18,8 foiz) istiqomat qiluvchi fuqarolardir.
Tadqiqot shuni koʻrsatdi, Oʻzbekistonning aksariyat oilalarida keyingi farzandning tugʻilishi haqidagi qaror er-xotin tomonidan birgalikda qabul qilinadi va bu ularning oiladagi bolalar soni haqidagi qarashlariga asoslanadi. Soʻrov ishtirokchilari onaning sogʻlom boʻlishi (22,5 foiz aholi) hamda oilaning moddiy ahvoli (21,7 foiz aholi) keyingi farzandning tugʻilishida muhim omillardan deb hisoblaydi.
Tadqiqot, shuningdek, aholining “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” kabi tushunchalardan yetarli darajada xabardor emasligini koʻrsatdi – 37,2 foiz soʻrov ishtirokchilari “reproduktiv salomatlik” tushunchasi bilan tanishmisiz, degan savolga tasdiq javobini bergan va respondentlar 23 foizining “reproduktiv huquq” tushunchasidan xabari bor. Soʻrov bu masalada asosan yoshlarning yetarli darajada xabardor emasligini aniqladi:
18-19 yoshdagi soʻrov qatnashchilari orasida faqat 19,1 foizigina “reproduktiv salomatlik”, 10,6 foizi “reproduktiv huquq” tushunchalari haqida maʼlumotga ega. Shu bois, yoshlarning huquqiy va tibbiy bilimlarini oshirish, aholi, birinchi navbatda, yoshlar orasida keng targʻibot va tushuntirish ishlarini tashkillashtirish va oʻtkazish zarur.
Jamoatchilik fikri monitoringi oʻzbekistonliklar ongida oilani rejalashtirish masalalarida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotganini koʻrsatdi. Fuqarolar rejalashtirish – oila qurish va uni mustahkamlashda zarur va ijobiy tadbir boʻlib, u sogʻlom va ardoqli farzandlar koʻrish, ularni yuqori turmush darajasi bilan taʼminlash va oʻqitish imkonini berishini tushunib yetmoqda. Tadqiqot davomida oilani rejalashtirishni muhim deb hisoblaydigan fuqarolar soni oshgani kuzatildi: 2019 yilda 72,5 foiz soʻrov ishtirokchilari shu fikrni bildirgan (2018 yilda – 63,8 foiz fuqaro oilani rejalashtirish kerak, degan fikrda boʻlgan).
“Ijtimoiy fikr” markazi materiallari asosida M.Anisimova tayyorladi, OʻzA