Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻyib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, 2 sentyabr sanasi Birinchi Prezident Xotirasi kuni sifatida nishonlanadi. Mamlakatimiz tarixini, Islom Karimov xizmatlarini eʼzozlash xalqimizga, yoshlarimizga maʼnaviyat yetkazadi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan nutqida Birinchi Prezidentimiz boshchiligida qoʻlga kiritilgan davlat mustaqilligi asriy orzumizni amalda taʼminlagan olamshumul voqea ekanini taʼkidladi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida Qurʼon tilovat qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham monument poyiga gullar qoʻydi.
Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qoʻyildi.