Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi koreyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi

0
56
marta koʻrilgan.

Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol mamlakatimizga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Koʻhna shaharda davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga mamlakatimizning “tashrif qogʻozi”, ajdodlarimiz bunyodkorlik salohiyatining goʻzal ifodasi – dunyoga mashhur Registon maydoniga tashrif buyurdilar. Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillaqori madrasalarining mahobati, oʻzi xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uygʻotadi.

Oliy martabali mehmonlar Registondagi har bir obida, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalarini hayrat bilan tomosha qildi. Ularga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida soʻzlab berildi.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chogʻida mehmonlarga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida soʻzlab berildi. Sohibqiron bobomiz va temuriylar davlati oʻz davrining eng ulkan va rivojlangan mamlakati boʻlgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan soʻng Prezidentlar va ularning rafiqalari «Afrosiyob» muzeyiga tashrif buyurdilar.

Bu muzey Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. Bu yerdagi noyob eksponat va devoriy suratlar butun dunyo sayyohlarini, shu jumladan koreyaliklarni oʻziga jalb etib keladi.

VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Koguryo elchilarini qabul qilish marosimi ham aks etgan. Bu xalqlarimiz oʻrtasidagi almashinuvlarning koʻp asrlik tarixidan dalolat beradi.

Yaqinda koreyalik mutaxassislar ishtirokida muzeyni restavratsiya qilish ishlari yakunlangan boʻlib, ular doirasida binoning ichki va tashqi qiyofasi mukammal qilib yangilandi.

Janubiy Koreya Prezidenti tarixiy ashyolarni hayrat va eʼtibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqalishini, bu doʻstlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom boʻlishini taʼkidladi.

Yetakchilar madaniy merosni asrash borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.

Soʻng oliy martabali mehmonlar Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyi boʻldi.

Amir Temurning suyukli nabirasi boʻlgan Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan.

Ekskursiyaning oxirgi manzili “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi boʻldi. Bu yerda mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.

Davlat rahbarlarining Samarqanddagi uchrashuvi samimiy va doʻstona muhitda oʻtdi va uch kunlik davlat tashrifi yakunlandi.

Tashrif tadbirlari yakunlanganidan soʻng aeroportda Prezident Yun Sok Yol va rafiqasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qoʻydilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.