Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti boʻlib oʻtdi.
Unda mazkur tashkilotga aʼzo mamlakatlar rahbarlari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Kuzatuvchi mamlakat sifatida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Purli Agamurodov anjumanda qatnashdi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etdi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qoʻshildi.
Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda asosiy maqsad, asosiy prinsip Oʻzbekiston manfaati va yana bir bor Oʻzbekiston manfaati ekanini doim taʼkidlaydi. Davlatimiz ana shu qatʼiy tamoyillar asosida ochiq, doʻstona va pragmatik siyosat olib bormoqda. Buning natijasida keyingi yillarda Oʻzbekistonning doʻstlari, xayrixohlari koʻpaydi. Qoʻshni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sogʻlom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ana shunday yangi platformalardan biridir. Bu tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan boʻlib, dastlab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston aʼzo edi.
Keyingi yillarda mazkur davlatlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi.
Prezidentimiz 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Joriy yil 5 oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya forumi oʻtkazildi.
Aloqalar bunday faol rivojlanar ekan, buni huquqiy jihatdan mustahkamlash ham zarur edi. Joriy yil 14 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi.
Bu tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar oʻrtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.
Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qoʻshilishini barcha aʼzo mamlakatlar mamnuniyat bilan qabul qildi. Rasmiy shaxslar, ekspertlar xalqimizning turkiylar tarixidagi oʻrni, bugungi salohiyati va ahamiyatini eʼtirof etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda soʻzlagan nutqida Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini taʼkidladi. Yurtimiz zaminida umumiy tariximizning shonli sahifalari bitilgani, jahon ilm-fani va madaniyatiga unutilmas hissa qoʻshgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulugʻ shoirlar nafaqat oʻzbek xalqi, balki barchaning faxru iftixori ekanini qayd etdi.
– Turkiy Kengashga aʼzolik xalqimizning tub manfaatlariga toʻla javob beradi. Bugungi kunda oʻrtamizda nafaqat madaniy-maʼnaviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning oʻzaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qoʻshma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora koʻpaymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev sammit kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va ishonchli aloqalarni oʻrnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratishni ustuvor vazifa deb qayd etdi. Shu borada qoʻshma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamgʻarmalari tashkil etish, qoʻshma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.
Shavkat Mirziyoyev Kengashga aʼzo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortigʻi yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini taʼsis qilish va uning birinchi yigʻilishini kelgusi yil Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi.
Davlatimiz rahbari yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, “Boku-Tbilisi-Kars” yangi temir yoʻlining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini taʼkidladi. Sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ham amaliy takliflar aytildi.
Oʻzbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar sohalar ahamiyatiga alohida toʻxtalib, Kengashga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot xazinasi” nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Ozarbayjon Respublikasiga oʻtishi munosabati bilan Ilhom Aliyevni qutlab, ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.
Turkiy kengashga aʼzo davlatlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasining toʻla huquqli aʼzo sifatida tashkilotga qoʻshilishi toʻgʻrisida Qoʻshma bayonoti sammitning muhim voqeasi boʻldi.