Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar belgilandi

0
155
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini koʻpaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib bormoqda. Eksportga qoʻyilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga koʻra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga oʻsishi prognoz qilinmoqda.

Mamlakatimizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Shu bois bunday mahsulotlarni koʻpaytirib, narx-navoning aholi roʻzgʻoriga taʼsirini yumshatish choralari koʻrilmoqda.

Xususan, yil boshida 80 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, aholi uchun ajratildi. Odamlarga urugʻ, koʻchat va oʻgʻitdan yordamlashish boʻyicha “Tomorqa xizmati” yoʻlga qoʻyildi. Tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning oʻzida 400 milliard soʻm imtiyozli kreditlar berildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida mahsulot koʻpayib, narxlar tartibga tushmoqda. Soʻnggi bir oyda ichki bozorda pomidor narxi oʻrtacha 3 baravarga, bodring 10 foizga, kartoshka 30 foizga, sabzi 15 foizga arzonladi. Bundan tashqari, 6 oyda 821 ming tonna yoki oʻtgan yilgiga nisbatan 102 ming tonna koʻp meva-sabzavot eksport qilindi.

Yana bir muhim tomoni, ushbu ajratilgan yerlarda 785 ming aholining bandligi taʼminlandi.

Yigʻilishda tuman va mahallalardagi ijobiy tajribalar bilan birga kamchiliklar ham ochiqcha muhokama qilindi.

Jumladan, 80 ming gektar yerdan 16 ming gektari aholidan uzoq va sugʻorish qiyin joyda boʻlgani sababli egasini topmagani aytildi. Shu bois hokimlarga bunday yerlarni aholi uchun qulay maydonlarga almashtirish topshirildi.

Davlatimiz rahbari aholi takliflari asosida yangi imkoniyatlarni belgilab berdi. Yil yakunigacha yana 20 ming gektar, kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholi uchun ajratilishi taʼkidlandi. Shunda jami 200 ming gektar boʻladi.

– Bu juda katta imkoniyat. Bu orqali qoʻshimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratilmoqda. Eng asosiysi, agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat va ishsizlar masalasini bemalol hal qilsa boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahsulot yetishtirish va sotishda aholiga koʻmaklashish uchun mahallalarga hosildor urugʻ va koʻchat yetkazish, kichik hajmli muzlatkichlar oʻrnatish, issiqxonalarni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda 64 ta tumanda aholi oʻz tomorqasida 3 marta hosil olmoqda. Hosil yaxshi boʻlsa, bitta oila 60-100 million soʻmgacha daromad qilishi mumkin.

Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa tumanlarda ham ragʻbatlantirish kerakligini taʼkidladi.

Xususan, suv taʼminoti ogʻir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 150 million soʻmgacha oshirilishi belgilandi. Kichik quduqlar uchun Qoraqalpogʻistonda 5 metrdan, qolgan hududlarda 10 metrdan ortiq chuqurlikning har bir metriga 100 ming soʻmdan subsidiya beriladi.

Quduq qazishga gidrogeologik xulosalar 2025 yilga qadar bepul beriladi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etish boʻyicha beriladigan subsidiyalar dehqon xoʻjaliklari uchun ham tatbiq etiladi.

Xoʻjaliklarga xalal berayotgan yana bir muammo shundaki, yurtimizda 2 million 600 mingta xonadonning kadastr hujjatlari yoʻq. Ularning egalari tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga koʻplab murojaatlar tushmoqda.

Qolaversa, kadastri boʻlmagani uchun yer soligʻi 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.

Adliya vazirligiga kadastri yoʻq xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi ishlab chiqish topshirildi. Yangi qonun qabul qilinguniga qadar, bu uylarga uch karra oshirilgan soliq qoʻllash toʻxtatib turiladi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasidagi masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Hokimliklarga iyul oyi yakunigacha 820 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni joylashtirib, 11 million tonna mahsulot yetishtirish, kelgusi yilgacha yetarli zaxira yaratish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, bu yildan gʻallani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyildi. Fermerlarga jozibador narxlar taklif etilgani oʻz natijasini berdi. Iyulda birjaga 88 ming tonna bugʻdoy chiqarilgani hisobiga, 1 tonna bugʻdoyning oʻrtacha narxi 30 foizga arzonlashdi.

Davlat resursiga 1 million 842 ming tonna don xarid qilindi. Fermer va klasterlar tomonidan don korxonalariga 574 ming tonna gʻalla saqlash uchun qoʻyildi.

Mutasaddilarga bu gʻallani birjaga muntazam chiqarib borish hamda 1 oktyabrgacha fermer va klasterlar bilan toʻliq hisob-kitob qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezidentimiz davlat idoralarining samaradorligi va ijro masʼuliyatini oshirish haqida gapirdi.

– Samarqand viloyatidagi oʻrganishlar koʻp kamchiliklarimizni koʻrsatdi. Oldimizda hali eng qiyin va ogʻir islohotlar turibdi. Hamma oʻzgarishi, ish uslubini ham oʻzgartirishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va hokimliklar oʻz tuzilmasi va ish uslublarini oʻzgartirishi zarurligi taʼkidlandi. Adliya vazirligiga qonunchilikni ixchamlashtirish, aholi va tadbirkorlarga qulayliklarni oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi. 

Hisob palatasiga mablagʻlar sarfi, ayniqsa, qurilishni moliyalashtirish, subsidiya va kompensatsiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, hokimlar, mahalla raislari axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.