Oziq-ovqat mahsulotlari taʼminotini yaxshilash choralari koʻrildi

0
129
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 may kuni aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida..

Dunyoda oziq-ovqat bilan bogʻliq cheklovlar va narxlarning oʻsishi kun sayin kuchaymoqda. Jahon bozorlarida bugʻdoy narxi 50 foizga, oʻsimlik yogʻi 33 foizga, shakar 14 foizga, neft 47 foizga oshdi.  Albatta, bu yurtimizdagi narx-navoga ham taʼsir koʻrsatayapti. Masalan, may oyida Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida kartoshka, un, shakar qimmatlashgan.

Shu bois yigʻilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, jumladan, parrandachilik va chorvachilikni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.

Arzon, toʻyimli va tez yetishtiriladigan mahsulotlar bu parranda goʻshti va tuxumdir. Lekin, koʻp viloyatlarda parranda goʻshti aholi talabiga yarasha yetishtirilmayapti. Bu yoʻnalishdagi 50 dan ziyod yirik korxona yarim quvvatda ishlamoqda. Ularni ozuqa, jumladan, bugʻdoy bilan taʼminlashda qiyinchiliklar mavjud.

Bu masalani hal etish uchun aniq chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, 1 iyundan boshlab parrandachilik xoʻjaliklariga bugʻdoy sotib olish uchun 400 milliard soʻm “revolver” kredit ajratiladi. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi orqali kredit garovining 50 foiziga kafillik beriladi va 17 foizidan oshgan qismi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, parrandachilik xoʻjaliklariga aylanma mablagʻ uchun beriladigan kredit muddatini uzaytirish taklifi bildirildi.

Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni toʻgʻri joylashtirish, ishlab chiqarishdan sotishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqish ham yaxshi samara beradi. Misol uchun, Nurobod tumanida tadbirkorlar inkubator tarqatib, aholi bilan birga, parranda goʻshti va tuxum yetishtirishni yoʻlga qoʻygan edi. Bugungi kunda bu mahsulotlar tumandan ortib, Samarqand shahri va qoʻshni tumanlarga ham yetkazib bermoqda.

Yigʻilishda ushbu tajribani kengaytirib, parrandachilik xoʻjaliklarini muayyan mahallalarga biriktirish, aholiga parrandachilik boʻyicha oʻquvlar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Bunday xoʻjaliklarga har bir mahalla uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million soʻmdan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ular bu mablagʻ hisobidan aholini joʻjalar va ozuqa bilan taʼminlaydi.

Chorvachilik – aholi toʻqligi va narx-navo barqarorligida muhim soha. Eng koʻp turdagi oziq-ovqat mahsulotlari shu tarmoqda yetishtiriladi.

Joriy yil 8 fevralda “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, chorvachilik xoʻjaliklariga goʻshtning har bir kilogrammi uchun toʻlanadigan subsidiya 2 ming soʻmdan 4 ming soʻmga, sutning har bir litri uchun 200 soʻmdan 400 soʻmga oshirildi. Xorijdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi barcha toʻlovlardan ozod etildi. Sohaga 170 million dollar imtiyozli kredit liniyalari ochildi. 200 ming gektardan ziyod paxta va gʻalla maydonlariga ozuqabop ekinlarni almashlab ekish belgilandi.

Yigʻilishda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar hududlar kesimida koʻrib chiqildi. Xususan, sohadagi imkoniyatlardan foydalanib, Andijon, Buxoro, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida paxtachilik-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 18 ming bosh molga moʻljallangan 35 ta chorvachilik xoʻjaligi tashkil qilindi. Lekin, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 70 ta kompleksni ishga tushirish kechikayotgani qayd etildi. Aholi xonadonlarida kooperatsiya usulida goʻsht va sut yetishtirish ham tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.

Bundan tashqari, paxta va gʻallaning oʻrniga almashlab ozuqa ekiladigan 200 ming gektar maydon boʻyicha ham ishlar haligacha aniq rejalashtirilmagan.

Shu bois Bosh vazir oʻrinbosariga almashlab ekishni har bir tuman kesimida aniq tasdiqlab, tashkil etish, fermerlarni serhosil ozuqa urugʻlari bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Shu bilan birga, chorva xoʻjaliklari va aholi xonadonlariga veterinariya xizmati koʻrsatish koʻlamini kengaytirish muhimligi alohida koʻrsatib oʻtildi.

Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi. Xususan, goʻsht, baliq, sut mahsulotlari, meva, oʻsimlik yogʻi kabi 22 turdagi oziq-ovqat joriy yil 1 maygacha bojxona bojlaridan ozod qilingan edi. Endi bu muddat 2023 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Shuningdek, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qoʻllash toʻxtatib turiladi. Davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish boʻyicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga bozorda raqobatni taʼminlash va narxlar asossiz oshishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda viloyat va tuman hokimlari, oziq-ovqat tarmoqlari rahbarlari axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.