Davlatimiz rahbariga oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2025 yilgi rejalar boʻyicha axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Aholi soni izchil oʻsayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dolzarb boʻlib bormoqda. Buning ustiga, global iqlim oʻzgarishlari, yer va suv taqchilligi qishloq xoʻjaligida qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shunday sharoitga qaramasdan, bu yil yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan koʻp goʻsht va sut yetishtirildi. Oziq-ovqat sanoati boʻyicha 343 ta loyiha ishga tushirildi.
Shu bilan birga, mahalliylashtirish boʻyicha hali imkoniyatlar koʻp. Ayniqsa, non, sut, goʻsht, oʻsimlik yogʻi, qandolat va salqin ichimliklar ishlab chiqarishni oshirish kerak.
Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda qandolat mahsulotlari eksporti 4 karra oshib, 13 million dollarga yetgan. Xomashyo, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari toʻgʻridan-toʻgʻri olib kelinib, tannarx 20 foizga kamaygani tufayli raqobatdoshlik ancha oshgan. Bu imtiyozlar muddati 2025 yil 1 yanvarda tugaydi. Ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mazkur muddatni yana 2 yilga uzaytirish taklifi koʻrib chiqilmoqda.
Yogʻ-moy sanoatida 408 ta korxona ochilgan. Lekin yurtimizda xomashyo kamligi uchun ular har doim ham toʻla quvvatda ishlamayapti. Yogʻ-moy eksportiga ruxsat berilsa, ishlab chiqarish 120 ming tonnaga oshib, 240 ming tonna ozuqa yem tayyorlanishi hisob-kitob qilingan.
Bosh vazir oʻrinbosariga bozor talablaridan kelib chiqib, bu borada taklif kiritish topshirildi.
Mamlakatimizda “halol” sertifikatiga ega milliy brend korxonalari koʻpayib, mintaqa va arab davlatlariga goʻsht mahsulotlari eksport qilayapti. Lekin bizda kolbasa mahsulotlarini saqlashning standart muddati 3 oy etib belgilangan. Xorijdagi isteʼmolchiga yetib borguncha 2 oy ketayapti. Goʻsht mahsulotini saqlash muddati Yevropa standarti kabi 4-12 oyga oshirilsa, ishlab chiqarish va eksport hajmini 2 karra koʻpaytirish imkoniyati ochiladi. Shuning uchun bu boradagi standartlarni xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qoʻyildi.
Sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ularni tahlil qiladigan laboratoriyalar tashkil etish zarurligi aytildi. Shundan kelib chiqib, ushbu mahsulotlarning tabiiy yoki quruq sutdan tayyorlangani toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
Yurtimizda salqin va alkogolsiz ichimliklar, meva-sabzavotdan tabiiy sharbat ishlab chiqarish ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi 5 yilda ularning eksporti 9 barobar oshib, 35 million dollarga yetdi. Lekin oʻzimizda yoʻq tropik mevalar konsentratiga boj qoʻyilgani uchun boshqa davlatlar mahsulotlari bilan raqobatda yutqazayapti. Shu bois tropik mevalar konsentratlarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi bildirildi.
Yigʻilishda mutasaddilar «Kambagʻallikdan farovonlik sari» dasturi asosida sohadagi tadbirkorlar bilan olib borilayotgan oʻzaro manfaatli hamkorlik haqida axborot berdi. Prezidentimiz kelgusi yilda bu ishlarning sifatini yanada oshirish va koʻlamini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.