Oziq-ovqat va energiya taʼminotidagi dolzarb vazifalar belgilandi

0
65
marta koʻrilgan.

Buxoro shahrida 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish orqali narx-navo barqarorligini saqlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Bu yilgi qahraton qish va yozdagi oʻta issiq kunlar sinovli boʻldi. Shu bois, kelayotgan qishga hozirdanoq tayyorlanish, buning uchun yetarli oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish va energiya barqarorligini taʼminlash zarur.

Oʻtgan yillarda paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, aholiga dehqonchilik uchun 200 ming gektar ajratilgani oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirishda muhim omil boʻldi. Natijada 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1 million 300 ming nafari mavsumiy ish bilan taʼminlandi. 605 ming nafar dehqonlarning daromadi oshdi. Kartoshka, piyoz, sabzi bilan oʻzini oʻzi taʼminlaydigan tumanlar koʻpaydi.

Shu bilan birga, koʻp tuman va shaharlar sabzavotlar, goʻsht va tuxumni boshqa hududlardan olib kelmoqda. Hokimlar ajratilgan yerlardan foydalanishni toʻgʻri tashkil qila olmayapti.

Shu bois davlatimiz rahbari bu borada yangi tashabbuslarni bildirdi. Endi dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib beriladi. Boʻsh turgan 100 ming gektar yaylovlarni chorvasi bor aholi kamida 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga olishiga ruxsat beriladi. “Ijtimoiy himoya reestri”ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga yerlarni berishda ular yer uchun barcha toʻlovlardan ozod qilinadi.

Talabgor topilmagan maydonlarni suvli va aholiga yaqin yerlarga almashtirish, yangi ekin joylarini ochiq-oshkora savdoga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bular hisobiga 1 million tonna mahsulot yetishtirib, qoʻshimcha 800 ming aholini daromadli qilish mumkinligi aytildi.

Dala chetlarida uzum, kadi, qovun, tarvuz va sabzavot ekib, qoʻshimcha 220 ming tonna mahsulot yetishtirish, 600 ming bosh parranda va 300 ming dona asalari oilasini boqish boʻyicha dastur ijrosi koʻrib chiqildi.

Narxlarni jilovlash takroriy ekinlarni koʻpaytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga koʻpayib, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga koʻpaygan. Ularda 150 ming aholi yuqori daromadli ish bilan band.

Kuz-qish mavsumida issiqxonalarga yoqilgʻi mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, zarur boʻlsa, buning xaridi uchun kreditlar ajratish muhimligi qayd etildi.

Yigʻilishda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli taʼminlash vazifalari ham muhokama qilindi.

Yurtimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish, iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda.

Oʻtgan davrda 430 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning oʻzi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu – ijtimoiy soha obyektlari yillik isteʼmolining 60 foiziga teng, degani.

Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik obyektlari hamda aholi xonadonlarida 250 Megavatt quyosh panellari oʻrnatildi.

Shu bilan birga, energiya resurslarini tejash tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Yil yakuniga qadar 3,7 milliard kilovatt soat elektr va 2,4 milliard kub metr gazni iqtisod qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ikkinchi yarim yillikda 30 milliard kub metr gaz qazib olish hamda yerosti gaz omborlarida zaxirani kamida 3,5 milliard kub metrga yetkazish, 41 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish vazifasi belgilandi.

Elektr tarmoqlari va transformatorlarni toʻliq taʼmirlash, energiya resurslari isteʼmolida tartib-intizomni kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.