Hurmatli anjuman ishtirokchilari, xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni qadimiy va goʻzal Samarqand shahrida oziq-ovqat xavfsizligiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Mazkur anjumanda dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar qatnashayotgani unga jahon miqyosidagi katta qiziqish va eʼtibordan dalolatdir.
Albatta, ushbu konferensiya uchun aynan Samarqand shahri tanlangani bejiz emas. Qariyb uch ming yillik tarix va madaniyatga ega boʻlgan bu koʻhna shahar asrlar davomida Buyuk ipak yoʻlidagi muhim chorraha boʻlib kelgan.
Sizlarga yaxshi maʼlumki, oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham oʻta dolzarb boʻlib qolmoqda.
Soʻnggi oʻn yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, tobora koʻpayib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlashda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Afsuski, keyingi paytda koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida zanjirlarning uzilishi va narxlar oshishiga sabab boʻldi.
Bundan ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar jabr koʻrmoqda. Global iqlim oʻzgarishlari, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimiga investitsiya hajmi kamayishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh janoblarining 2021 yilda oziq-ovqat tizimlari boʻyicha global sammit oʻtkazish borasidagi tashabbusini birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi. Bugungi anjuman ana shu sammitning mantiqiy davomidir.
Hozirgi vaqtda qishloq xoʻjaligi ekinlarining serhosil, tashqi taʼsirlarga chidamli navlarini yaratish, chorva naslini yaxshilash oʻta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan ilgʻor texnologiya va usullar boʻyicha oʻqitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash ham dolzarb boʻlib bormoqda.
Zamonaviy texnologiyalar va qishloq xoʻjaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop boʻlishi kerak. Biz xalqaro moliya institutlarini ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratib, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.
Biz eng zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida toʻliq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz. Savdo yoʻllari xavfsizligi va ochiqligini taʼminlash davlatlararo munosabatlarda oʻzgarmas tamoyil boʻlib qolishi zarur.
Qadrli doʻstlar!
Oʻzbekiston zamini oʻzining qadimiy va boy dehqonchilik anʼanalari, gʻoyat xilma-xil, mazali va noyob qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan azaldan shuhrat qozonib keladi.
Agrotarmoq iqtisodiyotimizdagi yetakchi sektorlardan biri boʻlib, mehnatga layoqatli aholimizning 27 foizi ushbu sohada mehnat qiladi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini yanada samarali va resurs tejaydigan sohaga aylantirish, qishloqda aholi hayot darajasini yaxshilash, xalqimizni arzon va barqaror narxlarda xavfsiz va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, sogʻlom ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda.
Bizning yurtimizdan yetishib chiqqan, Gʻarbda “Avitsenna” degan nom bilan shuhrat qozongan buyuk alloma Ibn Sino bobomiz oʻrta asrlardayoq “Kimki uzoq va sogʻlom hayot kechirishni istasa, avvalo, ovqatning sifati va miqdoriga eʼtibor qaratsin”, deb taʼkidlaganlar.
Albatta, dunyo aholisi oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish – uzoq davom etadigan jarayon. Bu maqsadga erishishda barcha davlatlar hukumatlari, ishlab chiqaruvchilar, olimlar va tibbiyot xodimlari yaqin hamkorlikda ish olib borishlari lozim, deb hisoblaymiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Sizlar konferensiya davomida ana shunday muhim masalalar haqida atroflicha fikr almashib, global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi tashabbus va amaliy takliflarni ishlab chiqasiz, deb ishonaman.
Mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz!
Mamlakatimizga tashrifingiz mazmunli va samarali boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti