Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ishlarini kuchaytirish, baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga koʻrsatma berildi

0
105
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 20 dekabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bu boradagi ishlarning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasida moliyaviy masalalar hal qilinib, barcha imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda kamchiliklar saqlanib qolayotganiga eʼtibor qaratdi. Koʻrsatilgan muammolarni bartaraf etish, oʻz hududida zarur oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli zaxirasini shakllantirish va narxlar barqarorligini taʼminlash barcha darajadagi hokimlarning diqqat markazida boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

— Dunyoda oziq-ovqat narxlarining oʻsishi, inflyasiya xavf-xatarlari kelgusi yilda oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb masala boʻlib qolishini yaqqol koʻrsatmoqda. Shu bois, viloyat hokimlari oʻz hududida baliq yetishtirish holatini tahlil qilib, tadbirkorlar va aholi xonadonlariga barcha sharoitlarni yaratib berish boʻyicha tizimli shugʻullanishi zarur, — dedi Prezident.

Oʻtgan besh yilda mamlakatimizda baliqchilik tarmogʻida umumiy qiymati 2,2 trillion soʻmlik 1016 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida baliq yetishtirish hajmi 6 baravarga oshib, joriy yilda 400 ming tonnaga yetkaziladi. Baliq isteʼmol qilish hajmi 2016 yilga nisbatan 5,7 barobarga oshdi.

Yigʻilishda bu koʻrsatkichlar yetarli emasligi, mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani tanqid qilindi.

Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlarida hosildorlik haligacha gektariga 3-4 tonnani tashkil etayotgani, ushbu hududlarda intensiv baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizidan oshmayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan sunʼiy havzalarni intensivlashtirish, tarmoqda klasterlar va kooperatsiya tizimini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Kelgusi yilda baliq yetishtirish hajmini 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Bunga erishish uchun Sharof Rashidov tumani tajribasi asosida kelgusi yilda 10 mingta xonadonda intensiv baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga soliqlardan ozod etiladi. Xorijdan mutaxassis jalb qilgan klasterlarga esa xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi oʻrnatiladi.

Uyida baliq yetishtiruvchilar uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar miqdori 2 barobarga oshiriladi, bu maqsadlarga kelgusi yilda 400 milliard soʻm va 20 million dollar yoʻnaltiriladi.

Baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, ular oʻzini oʻzi band qilgan aholi toifasiga oʻtkaziladi.

Yangiyoʻl va Quyichirchiq tumanlarida aholini baliq yetishtirishga oʻrgatish boʻyicha tajriba oʻtkazilib, kelgusi yil 1 iyundan Navoiy, Sirdaryo va Fargʻonada ham keng joriy qilishga koʻrsatma berildi.

Shuningdek, yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 million yevro jalb qilish rejalashtirilgan.

Hosildorligi past boʻlgan 21 ming gektar sunʼiy havzalarda hosildorlikni 3 barobarga oshirish va qoʻshimcha 190 ming tonna baliq yetishtirish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun 2,2 mingta xoʻjalikni 50 mingta suvni kislorod bilan boyitish uskunasi – aerator bilan jihozlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga ushbu imkoniyatlardan foydalanib, yangi loyihalarni va mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, shu asosda aholi bandligini taʼminlash va ichki bozorni baliq mahsulotlari bilan toʻldirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Tarmoq va hududlar rahbarlari baliqchilikda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi hamda 2022 yilgi rejalarini taqdimot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.