Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda byudjet tushumlarini soʻzsiz taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Pandemiyadan kuchli boʻlib chiqishning birdan bir yoʻli – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish, dedi davlatimiz rahbari.
Murakkab sharoitga qaramay, ushbu sohani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda, lekin baʼzi hududlarda bu boradagi ishlar qoniqarli emasligi taʼkidlandi.
Karantin talablarining yumshatilishi natijasida korxonalar faoliyati tiklandi. Biroq 69 mingta tadbirkorning faoliyatini jonlantirish kerakligi, joylardagi rahbarlar 9 oy yakuni boʻyicha ularning kamida 70 foizini, yil yakuniga qadar toʻliq quvvat bilan ishlashiga masʼul va javobgarligi belgilandi.
Mamlakat miqyosidagi mutasaddilarga hududlarga borib tushumi kamaygan korxonalar bilan tizimli ishni yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yongʻin xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelmoqda. Shu bois, tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta koʻrib chiqib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tushunarli shaklda aholiga yetkazish topshirigʻi berildi.
Oʻtgan yilda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlarning, yaʼni, yangi biznes subyektlarining 23 mingtasi yoki 24 foizi bugungi kunda faoliyat koʻrsatmayapti. Masʼul rahbarlar ular bilan muloqot qilishi, tez fursatlarda ularni ishga tushirish choralari koʻrilishi belgilandi.
Bunda tadbirkorga koʻproq sharoit yaratib berish, jumladan, elektr, gaz, suv taʼminoti, yoʻl, kredit bilan bogʻliq masalalarni yechib berish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Faoliyat boshlayotgan kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini ishlab chiqish topshirigʻi berildi. Bunda tadbirkorni maxsus kurslarda oʻqitish, subyektni roʻyxatdan oʻtkazish, asbob-uskuna sotib olish xarajatlarining bir qismiga grant ajratish nazarda tutiladi. Ushbu tizimning vertikal ijrosini taʼminlash uchun hozirda faqat respublika darajasida faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ishini tumangacha tushirish lozimligi qayd etildi.
Xizmat koʻrsatishni rivojlantirish uchun eng qulay, koʻp va yuqori daromadli ish joylari tashkil etish mumkin boʻlgan 31 ta oʻrta shaharlarda infratuzilmani yaxshilash, yer resurslari va bino-inshootlardan toʻgʻri foydalanish, rejalashtirish, boshqaruv va jamoat transportini toʻgʻri tashkil etish aholi daromadi oʻsishiga keskin turtki beradi.
Ushbu shaharlarni xizmat koʻrsatish markazlariga aylantirish, buning uchun shahar rahbarlariga tizim yaratish va aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish topshirigʻi berildi.
Keyingi yillarda soliq tizimini isloh qilish boʻyicha aniq choralar koʻrilishi natijasida biznes ixtiyorida 2019 yilda 12 trillion soʻm qoldi, 2020 yilda yana 11 trillion soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda. Endi yangi vazifa, yaʼni, “Soliq idorasi – tadbirkorga koʻmakchi” tizimini yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi.
Shuningdek, 1 iyuldan boshlab ilk marotaba tadbirkorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish mexanizmi amalga kiritildi. Ushbu yangilik orqali joriy yilning birgina uchinchi choragida tadbirkorlarga 700 milliard soʻmni aylanma mablagʻ sifatida oʻzida qoldirish imkoniyati yaratilmoqda.
Shu munosabat bilan, mutasaddilarga ushbu yangi tizim imkoniyatlarini barcha tadbirkorlar eʼtiboriga yetkazish va ijrosini barcha hududlarda samarali tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Undan tashqari, Prezident joylarda haligacha tadbirkorlarga yer va bino-inshootlar ajratishda koʻplab toʻsiqlar mavjudligini koʻrsatib oʻtdi. Bularni ochiq savdoga, elektron auksionga chiqarish jarayonlarini jonlantirish vazifasi qoʻyildi.
– Sohadagi oʻzgarishlarni odamlar sezishi kerak, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda buni keng yoritib borish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yana bir muhim masala – byudjet daromadlari ijrosini taʼminlash. Davlatimiz rahbari bu borada koʻrilayotgan choralarning samarasini oshirish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.
Yigʻilishda, shuningdek, kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham toʻxtab oʻtildi. Davlatimiz rahbari kamida 257 ming nafar muhtoj oilalar vakillarini ishga joylashtirish, 37 mingta xonadonga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish zarurligini qayd etdi.
Ehtiyojmand aholini ishga joylashtirish koʻrsatkichi eng past sektorlar taʼkidlanar ekan, ularning rahbarlariga jazo choralari koʻrildi.
Jumladan, Fargʻona tumani hokimi Nosirov, Yakkabogʻ tumani prokurori Mustafayev, Gʻuzor va Chortoq tumanlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari Raxmonov va Abdurayimov, Muborak tumani va Qoʻqon shahar soliq inspeksiyalari boshliqlari Temirov va Turdiqulovlarni egallab turgan lavozimlaridan ozod etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shoʻrchi tumani hokimi Xudayberganov, Kattaqoʻrgʻon, Koson va Payariq tumanlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari Otamurodov, Otakulov va Shermuxamedov, Narpay, Gʻallaorol tumanlari va Guliston shahar soliq inspeksiyalari boshliqlari Dehqonov, Mamayev va Radjabovlarga nisbatan oxirgi ogohlantirish sifatida “hayfsan” eʼlon qilinishi belgilandi.