Pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi

0
110
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Joriy yilda xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yoʻnaltirilgan 2,7 milliard dollarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hissasiga toʻgʻri keladi.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, amaldagi loyihalarni optimallashtirgan holda, mablagʻlar birinchi oʻrinda tibbiyot sohasiga yoʻnaltirilmoqda. Xalqaro tashkilotlar bu borada mamlakatimizga koʻmaklashish va mablagʻ ajratishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Yigʻilishda xalqaro moliya institutlari pandemiya bilan kurash uchun sogʻliqni saqlash sohasiga ajratayotgan 277 million dollar miqdoridagi mablagʻlarni tez fursatlarda va samarali oʻzlashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Islom taraqqiyot banki bilan kelishib, Toshkent viloyati Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxona va Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin hududini zamonaviy tibbiy texnikalar bilan jihozlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablagʻi evaziga oʻpkani sunʼiy ventilyasiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish vazifasi qoʻyildi.

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Jahon bankidan qoʻshimcha mablagʻlar jalb etib, tibbiy va ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Pandemiya sharoitida tadbirkorlik, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun 700 million dollar jalb qilish koʻzda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu mablagʻlarni, birinchi navbatda, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati va eksportni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish zarurligini taʼkidladi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 martdagi farmoniga koʻra, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilgan edi. Mazkur fonddan infratuzilma va kommunal xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha ravishda 3,6 trillion soʻm ajratish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda shu masalaga ham alohida eʼtibor qaratilib, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun donor tashkilotlar bilan qoʻshimcha grant kelishuvlari imzolash muhimligi qayd etildi.

Xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilishni jadallashtirish va oʻz vaqtida oʻzlashtirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.