Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston boʻylab koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil qilindi.
Jumladan, oxirgi paytda dunyoda COVID-19 infeksiyasining tarqalishi keskin tezlashib, jami kasallar soni 19 millionga yaqinlashgani, qurbonlar ham koʻpaygani afsus bilan taʼkidlandi. Vaziyat gʻoyat jiddiyligini 31 iyulda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti pandemiya bilan bogʻliq xalqaro favqulodda holatni yana 3 oyga uzaytirgani ham koʻrsatib turibdi.
Mamlakatimizda oxirgi bir haftada 5 mingdan ortiq yangi kasal aniqlanib, jami virus yuqtirganlar soni 27 mingtaga yaqinlashdi. Eng yomoni, koranovirusga qoʻshimcha tarzda, asorati ogʻirroq boʻlgan pnevmoniya holatlari ham koʻpaymoqda.
Ushbu holatni inobatga olib, yurtimizda qoʻshimcha choralar koʻrildi. Jumladan, oxirgi 20 kunda koronavirusni davolash oʻrinlari 3,5 barobarga koʻpaytirildi va qariyb 65 mingtaga yetkazildi.
Joylarga qoʻshimcha ravishda qariyb 800 ta tez tibbiy yordam mashinalari yetkazib berildi.
Qoʻshimcha 4 mingta nafas berish uskunalari (OʻSV, portativ sunʼiy nafas berish apparati, kislorod konsentratori) olib kelinib, ularning soni 6,5 mingtaga yetdi.
– Aholi oʻrtasida virus tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolash boʻyicha olib borilayotgan tizimli ishlarni yanada kuchaytirgan holda davom ettirishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi, hokimlar va sektorlar rahbarlari koronavirus va pnevmoniyani davolash boʻyicha har tomonlama tayyor boʻlishi, har bir bemorga kerakli tibbiy yordam koʻrsatilishi, ularning holatidan kelib chiqib shifoxonaga yotqizilishi va davolanishi uchun shaxsan javobgar boʻlishi qayd etildi.
Joylardagi birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi ishini yanada jonlantirish kerakligi taʼkidlandi.
Misol uchun, poytaxtimizda “oilaviy poliklinika – mobil brigadalar – maxsus poliklinikalar – “103” tez yordam xizmati” tizimining uzviy ishlashini taʼminlash hisobiga bir haftada sogʻayganlar ulushini 45 foizdan 58 foizga oshirishga erishildi.
Shu munosabat bilan, Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayevga hokimliklar va sektor rahbarlari bilan birga bir hafta muddatda “Toshkent shahri tajribasi” negizida hududlarda simptomsiz bemorlarni oʻz uyida mobil tibbiy guruhlar yordamida ularning koʻmak va tavsiyalari asosida davolash tizimining joriy etilishini yakunlash vazifasi yuklatildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, hududlarda COVID-19ga chalinganlarni qabul qilish va saralash boʻyicha markazlarni tashkil etgan holda, kichik shifoxonalarni oʻz profiliga muvofiq boshqa turdagi va surunkali kasallarni davolashga qaytarish lozimligini aytdi.
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hududlarga Toshkentdan biriktirilgan ixtisoslashtirilgan markazlar va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishini yanada samarali tashkil etishlariga har tomonlama koʻmaklashishlari kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, har bir ogʻir bemorni davolash taktikasi boʻyicha yurtimiz va xorijdagi malakali mutaxassislar bilan videoaloqa orqali maslahat berish tizimini muntazam ravishda unumli ishlatish maqsadga muvofiq.
Maʼlumki, bugun qator mamlakatlar sogʻliqni saqlash va farmatsevtika tizimlarida koronavirus davosini topish yoʻlida tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda. Misol uchun, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya, Rossiya farmatsevtika kompaniyalari yaqin vaqt ichida vaksina ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar qilinyapti.
Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayevga bir hafta muddatda yetakchi olimlar va tajribali shifokorlar bilan maslahatlashgan holda, vaksinani xarid qilish va mamlakatimiz aholisi vaksinatsiyasini amalga oshirish yoʻllarini puxta oʻrganib chiqish topshirigʻi berildi.
Kasallikning oldini olish, koronavirusga shubha boʻlgan fuqarolarni shifoxonalarga yetkazish, karantin talablarini tushuntirish va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda joylarda mahalla idoralarining ishtirokini keskin kuchaytirish kerakligi uqtirildi.
Chunki xalqimiz turli xil masalalarda birinchi navbatda mahallaga murojaat qilishga oʻrgangan.
– Respublika boʻyicha 9 ming 150 ta mahallada qariyb 40 ming odam byudjetdan oylik olib ishlaydi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari. – Ularning oyliklarini ham joriy yilda qariyb 1,5 barobarga oshirib berdik. Shunday ogʻir sharoitda nima uchun ular chetda turishlari kerak? Oʻz aholisining ahvolidan yaxshi xabardor boʻlgan, qaysi xonadonda qanday bemor borligini, kimning yashash sharoiti qandayligini, kim yordamga, kim vrachga muhtojligini ulardan yaxshi biladigan boshqa odamning oʻzi yoʻq pastki tizimda.
Buning uchun hokimlar va sektorlar rahbarlari har bir mahallada mahalla raislari, profilaktika inspektori va boshqa xodimlar, mahalla faollari va nuroniylar, mahallalarga biriktirilgan tibbiyot muassasalari xodimlarini birlashtirib, oʻz hududidagi aholi, ayniqsa keksalar holidan kuniga xabar olish, koronavirusga shubha boʻlgan va kasallikka chalinganlarni tez tibbiy yordam xizmati va shifokorlar bilan bogʻlashni tashkil etishga bosh-qosh boʻlishlari shartligi tayinlandi.
Shuningdek, ular yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat, uyda davolanishga tavsiya qilingan bemorlarga dori-darmon yetkazib berish ishlarida faol ishtirok etishlari lozim.
– Bunga qoʻshimcha ravishda, ular mahalla hududida aholining zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmasligi va toʻplanmasligi, tibbiy maska taqib yurishi va ijtimoiy masofani saqlashi, toʻy va tadbirlarni vaqtincha oʻtkazmasligi kabi majburiy talablarni doimiy tushuntirishi va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishlari shart va zarur, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.