Parijda oʻtkazilgan yozgi Paralimpiya oʻyinlari yakunlandi

0
49
marta koʻrilgan.

Parij shahrida oʻtgan XXXIII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ayni payt Toshkent xalqaro aeroportida hamyurtlarimizni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, ularning ota-onalari va yaqinlari, jurnalistlar ishtirok etishmoqda. Ushbu bellashuvlarda bayrogʻimiz 26 marta boshlar uzra baland koʻtarildi, dillarni yayratib madhiyamiz yangradi.

Eslatib oʻtamiz: Parijda oʻtkazilgan yozgi Paralimpiya oʻyinlarining dastlabki uch kungi musobaqalarida delegatsiyamiz 5 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 7-oʻringa koʻtarilib olgandi.

Birinchi sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya oʻyinlarida gʻalaba qozonib, terma jamoamiz hisobidagi oltin medallar sonini beshtaga yetkazgan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochimiz Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ushbu zafarlar eng aziz, eng ulugʻ bayram – Mustaqillik kuniga munosib sovgʻa boʻlganini taʼkidladi. Paralimpiyachilarimiz murosasiz bellashuvlarda koʻrsatayotgan yuksak mahorati va metin irodasi bilan butun xalqimizga, ayniqsa yoshlarga katta ruhiyat bagʻishlayotganini qayd etdi.

Chempionlar har bir chiqishda davlatimiz rahbari va xalqimiz qoʻllovini his etganlarini, yutuqlar esa yurtimizda paralimpiya harakati rivojiga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilgan sharoitlar tufayli ekanligini taʼkidladilar. 

Paralimpiya oʻyinlarining ayollar oʻrtasida yadro uloqtirish (F54) boʻyicha soʻnggi hal qiluvchi final bahsida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Nurxon Qurbonova yadroni 7.75 metrga uloqtirib,  bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Erkaklar oʻrtasida yadro uloqtirish (F41) boʻyicha soʻnggi hal qiluvchi final bahsida esa  Boburjon Omonov yadroni 14.32 metrga uloqtirdi va Paralimpiya oʻyinlarining oltin medalini qoʻlga kiritdi. U 2021 yili Tokio shahrida oʻtgan Paralimpiadada ham oltin medalga sazovor boʻlgandi. Gʻolib sportchimiz bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Bobur Omonovni ikki karra paralimpiya chempionidek sharafli nomga sazovor boʻlgani hamda 2021 yilda oʻzi oʻrnatgan Paralimpiada rekordini yangilagani bilan dildan qutlab, ushbu natija Oʻzbekiston paralimpiya harakati tarixida muhim voqea boʻlganini qayd etdi. Bu galgi oʻyinlarda ham yuksak mahoratini yana bir bor tasdiqlash yoʻlida unga koʻmakdosh boʻlgan murabbiylari va yaqinlariga rahmat aytdi.

Paralimpiya oʻyinlarining yettinchi kungi musobaqalarida matonatli va irodali sportchilar 14 ta sport turi boʻyicha bahslashdi. Unda para velosportchilarimizdan Gʻolibbek Mirzayorov, Azimbek Abdullayev, para oʻq otishda Server Ibragimov, Shahnoza Mamajonova, para suzishda Dmitriy Xorlin, para yengil atletikada Kubaro Hakimova, Madina Muxtorova, Urganch Egamnazarov, Roziya Ergasheva va Shahina Yigitaliyeva ishtirok etdi. 

Para oʻq otish dasturida (P4) 50 metr masofada toʻpponchadan oʻq otish boʻyicha musobaqada Server Ibragimov medallar uchun kechgan bellashuvda 215.3 ochko jamgʻargan holda ikkinchi oʻrinni egalladi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.  Eslatamiz: Paralimpiya oʻyinlarida Xitoy paralimpiyachilari yakka yetakchiga aylanib oldi. Keyingi pogʻonada Buyuk Britaniya va AQSH jamoalari turibdi. Oʻyinlar yakunlanishiga 4 kun qolganida Xitoy muddatidan avval 1-oʻrinni egallashga ulgurdi.

  Sherzod Namozov para dzyudo boʻyicha 60 kilogrammgacha vazn toifasida (J2) final bosqichida gruziyalik Zurab Zuraiani bilan bellashdi. Mazkur bahsda polvonimiz raqibidan ustun keldi va faoliyati davomidagi Paralimpiya oʻyinlarining ikkinchi oltinini qoʻlga kiritdi.

Safiya Burxonova 14.12 metr natija qayd etib, kumush medalni qoʻlga kiritdi. Eʼtiborli jihati shundaki, Safiya aynan ushbu yoʻnalishda “Rio-2016” Paralimpiya oʻyinlarida kumush, “Tokio-2020” Paralimpiadasida oltin medalga sazovor boʻlgan.  

 Paralimpiya oʻyinlarining erkaklar oʻrtasidagi disk uloqtirish (F37) bellashuvlarida final bosqichi yakunlandi va Tolibboy Yoʻldoshev diskni 57.28 metrga uloqtirib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Maʼlumot oʻrnida: bir necha kun avval yadro uloqtirish bahslarida Tolibboy bronza medaliga sazovor boʻlgan edi.

Paralimpiya oʻyinlarining balandlikka sakrash bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Temurbek Gʻiyosov (T64) 2.03 metr balandlikni zabt etdi. Para atletimiz ushbu natijasi evaziga bronza medalini qoʻlga kiritdi. 

Paralimpiya oʻyinlarining para dzyudo boʻyicha ayollar oʻrtasida J2 klassida -57 kg vazn toifasidagi final bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Kumush Xoʻjayeva delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medalni qoʻshib qoʻydi. 

Paralimpiya oʻyinlarining ayollar oʻrtasidagi nayza uloqtirish (F54) bellashuvlarida Nurxon Qurbonova nayzani 21.12 metrga uloqtirib, jahon rekordini yangiladi va oltin medaliga sazovor boʻldi.  Maʼlumot uchun: Nurxon Qurbonova F54 klassida nayza uloqtirish boʻyicha  joriy yili Yaponiyada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida 20.73 metr natija bilan jahon rekordini oʻrnatgan edi.  Shuningdek, Nurxon Qurbonova bundan avval “Tokio-2020” yozgi Paralimpiya oʻyinlarida kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan. 

Paralimpiya oʻyinlarining para pauerlifting boʻyicha ayollar oʻrtasidagi 73 kilogramm vazn toifasidagi musobaqada hamyurtimiz Roʻza Qoʻziyeva 147 kg natija qayd etdi va “Parij-2024” Paralimpiadasining kumush medalini qoʻlga kiritdi.  Bundan avval, Roʻza “Tokio-2020” Paralimpiya oʻyinlarida ham kumush medalga sazovor boʻlgan edi.

“Parij–2024” XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlari nihoyasida Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Matonatli sportchilarimiz murosasiz bellashuvlarda 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza, jami 26 ta medal qoʻlga kiritib, Yangi Oʻzbekistonning haqiqiy qahramonlariga aylandilar.

gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.