«Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali taʼminlashda xavf-xatarlarni baholash

0
147
marta koʻrilgan.

Toshkent yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda. 2022 yil, 8-9 sentyabr kunlari poytaxtimizda Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti boʻlib oʻtyapti.

Parlamentlararo ittifoq 200 ga yaqin mamlakatlarning parlamentlarini birlashtirgan boʻlib, u muloqot uchun eng yirik maydon hisoblanadi.

MDX mamlakatlari orasida Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur sammitda Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar hamda hamkor xalqaro parlament tashkilotlarining ayol rahbarlari ishtirok etmoqda.

8 sentyabr kuni  «Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali taʼminlashda xavf-xatarlarni baholash» mavzusida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti oʻz ishini boshladi. Toshkent sammitida 19 ta davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu nufuzli anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatlarini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

«Bunday formatdagi uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasida ilk bor oʻtkazilmoqda. Buni mamlakatimizda, jumladan, parlamentarizm va gender siyosatni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar natijalarining xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirofi deb bilamiz», deyiladi davlatimiz rahbarining murojaatida.

Prezidentimiz Parlamentlararo ittifoqning koʻp formatli maydoni xalqaro kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalarga samarali yechim topishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi hamda sammitning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat va muvaffaqiyatlar tiladi.

Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammitining ilk kunida ishtirokchilar tenglik, inklyuzivlik va atrof muhit muhofazasiga asoslangan barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan iqtisodiyotni tiklash, qizlar va ayollarning, shu jumladan reproduktiv salomatlik sohasidagi zaifligini kamaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar hamda COVID-19 pandemiyasidan keyin iqtisodiyotni tiklash boʻyicha eng yaxshi amaliyotlarni muhokama qildilar.

Kunning ikkinchi yarmida davom etgan ikkinchi sessiyada COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq holda raqamli iqtisodiyot va mehnat sohasida texnologik innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, milliy va xalqaro miqyosda raqamli tafovutni bartaraf etish uchun amalga oshirilayotgan tashabbuslar, shuningdek, parlamentlarning ayollar va qizlarning huquq va erkinliklarini internet olamida targʻib qilish va himoya qilishdagi harakatlari kabi masalalar ishtirokchilar eʼtiborida boʻldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.