Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlar natijasi boʻyicha yangi parlament shakllandi. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yigʻilishni Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov olib bordi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ijro etildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 94-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlariga kiradi. 118-moddaga koʻra, Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi.
Shu munosabat bilan majlisda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
– Mamlakatimiz oʻz oldiga qoʻygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda, barcha boʻgʻindagi ijro organlari, avvalo, hukumat va uning rahbari zimmasidagi masʼuliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib bormoqda. Xalqimiz bugun yangi hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari, avvalo, oʻtgan besh yildagi dasturlar ijrosiga toʻxtalib oʻtdi. Bu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda.
Eksport qariyb 2 barobar oʻsib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari esa 40 milliard dollardan oshdi. Oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra koʻpayib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratildi.
Soʻnggi uch yilda umumiy quvvati 2,7 million kilovatt-soat boʻlgan 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi oʻtgan yilga nisbatan 3 barobar koʻpaydi.
Maktabgacha taʼlimda qamrov 74 foizdan, oliy taʼlimda esa 39 foizdan oshdi. Barcha hududlarda “Inson markazlari” ochilib, ijtimoiy xodimlar tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgan edi. Barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu koʻrsatkich joriy yilning oʻzida 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shunday surʼat jadal davom ettirilsa, 2030 yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 200 milliard dollarga yetkazish salohiyati borligi taʼkidlandi. Bu aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga asos boʻladi.
Xususan, aholi jon boshiga daromadlarni 5 ming dollardan oshirish, kambagʻallik darajasini 5 foizga tushirib, ehtiyojmand aholi uchun mustahkam ijtimoiy sugʻurta tizimini joriy etish, tibbiyotga ajratilayotgan mablagʻlarni 2 barobar koʻpaytirib, tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish va kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan toʻliq qamrovni taʼminlash, yiliga 150 ming kvartirali yangi zamonaviy uy-joylarni barpo etish imkoniyati yaratiladi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi eng muhim yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdi.
Birinchidan, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy oʻsish surʼatini 6-7 foiz atrofida taʼminlash zarur. Bunda inflyasiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida boʻlishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa boʻladi.
Ikkinchidan, 2025 yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi. Hukumat 2030 yilgacha ishsizlikni xalqaro eʼtirof etilgan daraja – 5-6 foizdan oshirmaslik boʻyicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozim.
Uchinchidan, iqtisodiyot va aholi daromadlarini oʻstirishda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerak. Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda, iqtisodiyotimiz uchun muhim boʻlgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi zarur. Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli taʼminlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirish ham muhim masala.
Toʻrtinchidan, kelgusi besh yilda iqtisodiyotning xususiy sektordagi ulushini 85 foizga yetkazish ham asosiy vazifalardan biridir. Bu borada 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod koʻchmas mulk obyektini sotish, 16 ta yirik majmua aksiyalarini “IPO”ga chiqarish talab etiladi. Hukumat 30 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni taʼminlashi kerak.
Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb vazifa boʻlib qoladi. Hukumat bu sohadagi dasturlar ijrosini taʼminlab, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan oʻrtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazishi zarur.
Taʼlim sifatini oshirish, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash vazifalari ham koʻrsatib oʻtildi.
Prezidentimiz bu maqsadlarga erishish uchun hukumat bilan parlament hamkorligi muhim ekanini taʼkidladi.
Avvalambor, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtirish lozim. Qonunlar ijrosi Oliy Majlis palatalarining tegishli qoʻmitasi va masʼul ijro etuvchi organ bilan birgalikda oʻrganib borilishi kerak.
Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari deputatlar tomonidan joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda quyi palata qoʻmitalari bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlari lozim. Shu bois turli sohalarda nazoratni taʼminlovchi davlat inspeksiyalarning hisobotlarini Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida muhokama qilib borish boʻyicha yangi tizimni joriy etish tashabbusi ilgari surildi.
Parlament nazorati – bu avvalo “xalq nazorati, xalq soʻrovi” ekani taʼkidlandi. Bu borada barcha rahbarlar masʼuliyat va javobgarlikni toʻliq his etishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirish, yaqin qoʻshnilar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga ham alohida toʻxtaldi. Shu maqsadda Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini aytdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo eʼtibor markazida boʻlishi qayd etildi.
Hozirgi tahlikali davrda davlatimizning mustaqilligi va suverenitetini, xalqimizning tinch va erkin hayotini himoya qilish eng muhim vazifa ekani taʼkidlandi. Shu bois Qurolli Kuchlarimizning jangovar va maʼnaviy salohiyatini oshirishga eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Yoshlarni zamonaviy bilim va kasb egalari etib tarbiyalashga katta imkoniyatlar safarbar etiladi.
– Bugun faqat mana shunday ilgʻor yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini taqdim etdi.
A.Aripov Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan Harakat dasturini bayon qildi.
Mazkur nomzod va dastur muhokamasi yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiya rahbarlari hamda deputatlar oʻz fikrlarini bildirdi.
Yashirin ovoz berish natijasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi maʼqullandi. Bu boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi.
Majlis yakunida kelgusi yilgi ustuvor yoʻnalish ham muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi. Bu boradagi muhim vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
– Bugun xalqimiz bilan yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qoʻymoqdamiz. Ishonchim komil, bu – Yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻladi. Bu davr parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish boʻyicha ibratli anʼanalar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr boʻladi, – dedi Prezident soʻzining yakunida.