Paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi (keyingi oʻrinlarda – Paxtachilik kengashi) tashkil etilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha ilmiy tashkilot va urugʻchilik korxonasini belgilash;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda koʻpaytirish va ekish boʻyicha klasterlarga topshiriqlar (koʻrsatmalar, buyurtmalar) berish;
tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan kimyoviy va organik oʻgʻitlar boʻyicha tavsiyalar berish;
gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador preparatlarni qoʻllash yuzasidan koʻrsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;
klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos gʻoʻza navlarini ekish va urugʻlarini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik oʻgʻitlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berish;
xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urugʻchilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish;
paxtachilik yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining Reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining boshqaruv guruhi tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yoʻnalishidagi loyihalar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–179-son qaroriga asosan:
2022-2023 yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatni yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan oʻtkaziladigan 13 ta tumanlar roʻyxati tasdiqlanganligi;
2022-2023 yillarda sinov tariqasida tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etish uchun Davlat byudjeti hisobidan har bir gektar maydonga bir million soʻmdan subsidiya ajratilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Paxtachilik kengashi oʻziga yuklatilgan vazifalarni dastlab sinov tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–179-son qaroriga 1-ilovada nazarda tutilgan 13 ta tumanlarda amalga oshiradi.
4. Paxtachilik kengashi bir hafta muddatda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlari tashkil etiladigan 13 ta tumanlarning har biri boʻyicha ishchi guruhlari tarkiblarini tasdiqlasin.
Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyat hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Paxta hosildorligini oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy qilinsin:
a) tuman ishchi guruhlari paxta ekilgan maydonlarda joyiga chiqqan holda tahlillar asosida urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, biostimulyatorlarni qoʻllash, oʻgʻitlash, gʻoʻza kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish hamda samarali sugʻorish boʻyicha hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos takliflarni Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhiga taqdim qiladi;
b) Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhi taqdim etilgan takliflarni tahlil qilib umumlashtirgan holda Paxtachilik kengashiga taqdim qiladi;
v) Paxtachilik kengashi:
hududda ekilgan paxta navlarining hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbulini tanlash, shuningdek, agrotexnik tadbirlarning toʻgʻri amalga oshirilishini taʼminlash;
paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;
paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral oʻgʻitlarning qoʻllanilishini yaxshilash;
paxta ekilgan maydonlarda gʻoʻza kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qoʻllash;
paxta yetishtirish jarayonida samarali sugʻorish tizimini va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
g) Paxtachilik kengashining unga yuklatilgan vazifalarga asosan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari majburiy hisoblanadi;
d) Paxtachilik kengashi faoliyatini tashkil etish boʻyicha:
Paxtachilik kengashi raisi (I.Yu.Abduraxmonov) kengashga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi;
Paxtachilik kengashi raisiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish vakolati beriladi;
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolariga hamda Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga 6-ilovaga muvofiq miqdorlarda ish haqi toʻlanadi. Bunda toʻlovlar Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash muayyan ishni bajarish uchun tuziladigan mehnat shartnomalariga asosan mutaxassislar bilan kelishilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
6. Innovatsion rivojlanish vazirligiga joriy yil yakuniga qadar “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi (I.Haydarov) Uyushmaning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev) Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm ajratsin.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan mablagʻlar Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga ish haqi toʻlash, shuningdek, Paxtachilik kengashiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.
7. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga koʻmaklashsin;
b) “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi (I.Haydarov) Uyushmaning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev) Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hisobidan mazkur qarorga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligiga mablagʻlar oʻtkazib berilishini taʼminlasin;
v) Paxtachilik kengashi raisi I.Yu. Abduraxmonov:
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga ish haqi oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlanishini taʼminlasin;
13 ta tumanlarda amalga oshirilgan ijobiy natijalar asosida mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish choralarini koʻrsin.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Markaz) faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Markazni Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi etib belgilash;
Paxtachilik kengashining sohaga doir koʻrsatma va tavsiyalariga asosan Markaz faoliyatini takomillashtirib borish;
Paxtachilik kengashi raisini Markaz Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
10. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov, qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV