Paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilarning yotogʻi uchun taʼlim muassasasidan joy ajratish taqiqlandi

0
99
marta koʻrilgan.

Respublikamizda bu yilgi paxta terimi mavsumida  26 ming 467ta terim otryadi tashkil etilishi va 2 million 639 ming nafar terimchi jalb qilinishi kutilmoqda.

Bu borada 5 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasida tashkil etilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlandi. Shuningdek, terim otryadlari rahbarlarini ragʻbatlantirish maqsadida ularga bir oyda 2 million soʻmdan haq toʻlanishi aytildi. Maʼlum qilinishicha, ushbu mablagʻlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamgʻarma hisobidan toʻlanishi joriy qilinmoqda. Buning uchun jami 24,9 milliard soʻm ish haqi toʻlab beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning qayd etishicha, otryad rahbarlari terimchilar roʻyxatini mustaqil ravishda shakllantiradi, ishlarni tashkil etishda boshchilik qiladi. 

«Otryad rahbari kim? U ishni tashkil etish qobiliyatiga ega, el-yurtni tanigan inson. Masalan, 100 kishi uning qoʻl ostida birlashib, paxta mavsumida moʻmaygina daromad qilish imkoniyati paydo boʻlyapti. Rahbarning oylik maoshi ana shu otryadning samarador ishlashiga bogʻliq va bu maosh 1 oyga 2 milliondan oshishi kutilmoqda», deya taʼkidladi Bosh vazir. 

Yigʻilishda joriy yilda terimga jalb qilingan 2 million 639 ming nafar terimchining 426 ming nafari yoki 16 foizi yotoq bilan taʼminlanishi aytildi. Terimchilar  1363ta palatka, 4496ta dala shiyponi va boshqa joylarga joylashtiriladi. 

​​​«Bu yil terimchilar uchun maktab yo kollej binosidan yotoq uchun joy ajratish holati boʻlmaydi. Bolalar paxta terim mavsumida ham oʻqib, taʼlim olishi shart. Ularning oʻqituvchilari, nafaqat pedagoglar, balki barcha fuqarolarni majburiy mehnatga jalb etish holati yuz bermasligi lozim. Agar joylarda hokimlar shunday vaziyatga yoʻl qoʻysa, biz ularni lavozimidan ozod etamiz, Bosh prokuratura esa qonun doirasida chora koʻrishga majbur boʻladi», deb taʼkidladi Bosh vazir.​

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.