Paxtachilik va toʻqimachilik rivoji uchun yangi imkoniyatlar belgilandi

0
115
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyun kuni paxta hosildorligini oshirish va toʻqimachilik mahsulotlari eksportini koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Toʻqimachilik tarmogʻi ham xomashyo, ham eksport, ham aholi bandligida ulkan salohiyatga ega. Faqat ilmga asoslanib samaradorlikni oshirish, jaydari aytganda, “ishning koʻzini bilish” kerak.

Shuning uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan bu sohada toʻliq klaster tizimi joriy etildi. Soʻnggi uch yilda paxta-toʻqimachilik klasterlariga 23 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli mablagʻlar ajratildi. Bundan tashqari, ularning oʻzlari ham qariyb 7 trillion soʻm xususiy investitsiyalar sarflagan.

Ushbu tizim natijasida 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi. Ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 5 barobarga oshdi, eksport esa 4 barobarga oʻsib, qariyb 3 milliard dollarga yetdi.

Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan boʻlsa, bugungi kunda 100 foiz oʻzimizda qayta ishlanmoqda.

Hajm boʻyicha aytganda, jami quvvatlar 1 million 300 ming tonnaga yetdi. Lekin 1 million tonna tola ishlab chiqarilmoqda. Yaʼni, hozirning oʻzida 300 ming tonna tola yetmayapti. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshishi kutilmoqda.

Ip-kalavani tayyor mahsulotgacha qayta ishlash darajasi ham past – 23 foiz. Bu yiliga 9 milliard dollar daromad boy berilmoqda, degani.

 Shuningdek, bugungi kunda toʻqimachilik tarmogʻida 400 ming kishi mehnat qilmoqda. Agar butun tizim ilm va zamonaviy texnologiyalar asosida toʻgʻri tashkil qilinsa, ish oʻrinlarini 1 millionga yetkazish mumkin.

Shu bois yigʻilishda ilmga asoslangan urugʻchilik va agrotexnologiyalar hisobiga, paxta hosildorligini oshirish, tolani chuqur qayta ishlab, sohaning eksportini 2 baravarga koʻpaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Maʼlumki, buning uchun, avvalo, barqaror va sifatli xomashyo kerak. Lekin uni yetishtirishning oʻzi boʻlmayapti. Olimlarimiz yaratgan 100 sentnergacha hosil beradigan paxta navlari joylarga yetkazilmayapti.

Soʻnggi yillarda kunduzgi va tungi harorat bir xil boʻlib qolayotgani, yangi turdagi hasharotlarning koʻpayib borayotgani ushbu sharoitga chidamli navlarni koʻpaytirishni taqozo qilmoqda. Gʻoʻzani oʻgʻitlashni oʻzgartirish, gerbitsid va pestitsidlarni ham tartibga solish zarur.

Shuning uchun davlatimiz rahbari Prezident huzurida Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligida Paxtachilik kengashi tashkil etish taklifini bildirdi.

Bu kengash har yili hosildor va ertapishar navlarni hududlar kesimida koʻpaytirish va ekishni har bir klaster boʻyicha belgilab beradi, iqlim va harorat oʻzgarishlariga mos boʻlgan oʻgʻitlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qoʻllashni tartibga oladi. Shuningdek, hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi. Buning uchun mazkur kengash huzurida ilmiy markaz ham tashkil qilinadi.

Prezident har bir klasterda urugʻchilik, tuproq tahlili va biolaboratoriyalar hamda urugʻ tayyorlash sexlari boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Suvni tejash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Soʻnggi ikki yilda yurtimizda 169 ming gektar paxta maydonlarida tomchilab sugʻorish joriy qilingan. Lekin koʻp klasterlar, ayniqsa, fermerlar buni yoʻlga qoʻyishga qiynalmoqda. Chunki xarajati qimmat.

Agar sohada erkin raqobat boʻlsa, ilm bilan yondashilsa, tomchilatib sugʻorishni joriy etish xarajatini gektariga 15-20 million soʻmga tushirish mumkinligi aytildi. Shuning uchun elektron portalga hamma taʼminotchilarni kiritib, suv tejovchi texnologiyalar narxi va xizmatlar sifatini baholab boradigan shaffof tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi, bitta tumanda koʻpi bilan 2 ta klaster tashkil etilishi belgilandi.

Yigʻilishda tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada tadbirkorlarga keng sharoit yaratib berish uchun alohida industrial zonalar tashkil qilinishi belgilandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ushbu majmualarni boshqarishga chet el kompaniyalarini va ishlab chiqarishga nufuzli brendlarni jalb qilish vazifasi qoʻyildi. 

– Paxtamizga boykot bekor qilinganidan soʻng, xorijiy kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Agar, hududlarimizga brendlar olib kirilmasa, mahalliy mahsulotlarimiz jahon bozorida raqobatbardosh boʻlishi qiyin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Boʻyalgan trikotaj mato va gazlama eksport qiluvchilarga 10 foizgacha miqdorda subsidiya berilishi, chet elga tayyor mahsulot yetkazib berish uchun, buyurtmaga asosan, alohida aviareyslar yoʻlga qoʻyilishi qayd etildi. Brendlar uchun zarur boʻlgan furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Toʻqimachilik korxonalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytirilishi belgilandi. Jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksportchi korxonalarga aylanma mablagʻ uchun 5 million dollargacha resurslar tabaqalashtirilgan tartibda ajratiladi. Xorijda omborxonalarni ijaraga olish xarajatlarini qoplab berish uchun cheklangan maydon 100 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga 100 million dollar ajratiladi.

Davlatimiz rahbari toʻqimachilik korxonalari moliyaviy hisobot boʻyicha xalqaro standartlarga oʻtishi zarurligini taʼkidladi.

– Bu dunyo bozoriga chiqish, xorijiy brendlar bilan ishlash va toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlar jalb qilishga zamin yaratadi, – dedi Prezident.

Toʻqimachilik korxonalarini xomashyo bilan uzluksiz taʼminlash choralari ham koʻrsatib oʻtildi. Paxta tolasi va ip-kalavani birjaga muntazam chiqarish, ular uchun toʻlov tizimini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Soha uchun soliq va bojxona maʼmurchiligi ham yengillashtirilishi, xususan, xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash tartibi soddalashtirilishi qayd etildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda Oʻzbekiston-Koreya toʻqimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlab, yangi oʻquv yilidan “dual” taʼlim tizimi joriy qilinishi aytildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq mutasaddilari, hokimlar va tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.