Pensiyaga chiqish talablari oʻzgarmoqda

0
306
marta koʻrilgan.

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqqan boʻlib, ushbu loyiha 27 aprel kuni xalq muhokamasiga qoʻyilgan edi, deya xabar beriladi gov. uz saytida.

Hozirda joylarda uning muhokamasi oʻtkazilib, mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalar va internet orqali bildirilgan fikrlar taxlil qilinmoqda. Poytaxtimizda oʻtkazilgan navbatdagi davra suhbati “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh etish zaruratini belgilovchi asosiy omillar: mavjud muammolar va ularning yechimi.”, deb nomlandi. Unda Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohatlar qoʻmitasi, Qonunchilik palatasi vakillari, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va YUNISEF kabi tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda berilgan maʼlumotga qaraganda, bugungi kunda mamlakatimizda Pensiya jamgʻarmasi tizimida 3,3 million nafardan koʻproq pensioner va nafaqa oluvchi boʻlib, mamlakatimiz aholisining oʻrtacha 10 foizini tashkil etadi. Oʻtgan 2017 yil davomida pensiya va nafaqa toʻlovlari uchun jami 16,6 trilion soʻmdan ortiq mablagʻ moliyalashtirilgan. Bu davlat byudjetining jami xarajatlarining oʻrtacha uchdan bir qismini tashkil etadi. 

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Shuxrat Oʻtaganovning qayd etishicha, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston respublikasi qonuni 1993 yilda qabul qilingan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida qonunga 20 dan ortiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Shu bilan birga qonunda bir qator havolalarning borligi, yaʼni toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir etuvchi normalarning mavjud emasligi, turli farmon va qarorlar bilan tartibga solinishi qonunning turli xil talqin qilinishiga olib kelayotgan edi.

Yangi ishlab chiqilgan “Davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi konsepsiyada asosiy masalalardan biri sifatida – yangi tahrirdagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston respublikasi qonunini ishlab chiqish nazarda tutilgan. 
“Hozirgi vaqtda qonunda yuqori ish staji va yuqori maoshga ega boʻlgan, ijtimoiy sugʻurta tizimida faol yaʼni koʻp miqdorda ulush ajratgan fuqarolarni ragʻbatlantirish mehanizmlari mavjud emasligi bois, konsepsiya doirasida ijtimoiy sugʻurta badallarini koʻproq oʻtkazgan fuqarolarni pensiya badallarini oshirish masalalarini koʻzda tutganmiz: 
Jumladan, 35 yildan ortiq ish stajining har bir toʻliq yili uchun pensiya miqdorini oʻrtacha oylik ish haqining 2%iga oshirish; pensiya tayinlanadigan sanada qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining 8 baravaridan 12 baravarigacha miqdordagi pensiyani hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqi miqdorini oshirish; 
Amaldagi pensiya taʼminoti tizimi, 7 yildan kam boʻlmagan stajga ega boʻlgan shaxslarga pensiya tayinlanishini nazarda tutadi. Endilikda, yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal staj davomiyligini oshirish taklif etilmoqda. Dunyoning koʻplab davlatlari, jumladan MDH davlatlarida talab etilgan eng kam ish staji 10 – 15 yilga yetkazilgan.
 
Hozirda fuqarolarimizdan koʻplab fikrlar kelib tushmoqda. Oʻtgan vaqtda nafaqat ijobiy, balki salbiy mazmundagi munosabat ham bildirilgan. Bularning hammasi inobatga olinadi.”,-deydi Shuxrat Oʻtaganov. 

Tadbirga iqtisodchi olimlar ham taklif etilgan boʻlib, ular oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi. Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, Iqtisod fanlari doktori Abduraxmon Vaxobovdan joriy islohotlar hususida soʻraganimizda shunday mulohaza bildirdi: 
— Aholining tabiiy oʻsishini pasayishi, kishilarning oʻrtacha umri davomiyligining oshishi, bizni iqtisodiyotda yashirin qismidagi ishlovchilarning mavjudligi kabilar pensiya tizimida bir qator muammolarni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, pensiya tizimida olinayotgan pensiyaning miqdori odamlarning munosib turmush kechirishi uchun yetmaydi. Bu tizimning oʻz majburiyatlari bor va boshqa sohalarda joriy etilayotan islohotlar, pensiya tizimini ham isloh etishni talab etmoqda. Biz bu soha boʻyicha qator mamlakatlardan ortdamiz. Masalan, hozirda respublikamizda erkaklar 60 yoshdan, ayollar esa ulardan besh yil oldin pensiyaga chiqadilar. Bunday yondoshuv dunyoning sanoqli mamlakatlarida qolgan. Oʻtgan asrning 30 yillarida qabul qilingan bu norma oʻsha paytlar uchun toʻgʻri edi. Chunki, u vaqtda odamlarning oʻrtacha umr koʻrsatkichi 60 yosh edi, hozir esa 73 yosh boʻldi Konsepsiyaga binoan pensiyaga chiqish yoshi bosqichma-bosqich «dunyodagi oʻrtacha koʻrsatgich» darajasiga yetkaziladi. 

Pensiya jamgʻarmasi samarali ishlashi uchun bir pensionerga kamida 4 ta ishlovchi toʻgʻri kelishi kerak. Ana shundagina pensiya fondiga sugʻurta badallari barqaror kelib tushadi va pensioner toʻlovlarni keragicha va oʻz vaqtida oladi. Hozir Oʻzbekiston misolida olib qarasak, 18 milliondan ortiqroq iqtisodiyotda mehnat qilish qobiliyatiga ega fuqarolar bor boʻlib, shundan 14, 2 million kishi rasman ishlayapti va ularning 10,5 millioni Xalq bankida oʻzining individual personallashgan xisobiga ega. Biroq shundan 4 yarim millionigina muttasil ravishda badalini toʻlab turadi. Demak, 3.3 million pensioner boʻlsa, bir nafar pensionerga bir yarimta ishlovchi toʻgʻri kelapti. Hozirgi tizimda davom etadigan boʻlsak, yaqin kelajakda pensiya fondining harajatlar qismi va daromad qisminig muvozanatini buzilishi roʻy beradi. Bizda yashirin sektorning ulushi koʻp biz ularni legallashtirishimiz kerak. Shuningdek, ayrim qoʻshimcha toʻlovlar ham bor boʻlib, bular tizimga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, pensiya fondidan suyunchi puli berish toʻgʻri emas. Shu kabi toʻlovlardan ham voz kechish kerak.”- deydi, professor Abduraxmon Vaxobov 

Konsepsiya mualliflari hozirda ishlayotgan pensionerlarga ularning pensiyasini toʻliq miqdorda toʻlashni ham taklif etishmoqda. Shuningdek, Qariyalar uylarida yashayotgan va nogiron pensionerlar pensiyani koʻpaytirish kabilar ham takliflar qatoridan oʻrin olgan. 

Taklif etilayotgan islohotlarning ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, seminar ishtirokchilari, shu jumladan halqaro moliya institutlari ekspertlari, yangi taklif etilayotgan normalarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi toʻgʻrisida fikr bildirishdi. Xususan, dastlabki bosqichda talab etiladigan minimal ish stajini bosqichma-bosqich har yili, 2019 yildan boshlab 10 yilgacha oshirish, pensiya yoshini esa 2022 yildan boshlab har yili 6 oyga, ayollar uchun 58 yoshgacha va erkaklar uchun 63 yoshgacha oshirib borish tavsiya etildi.
 
Konsepsiya bilan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining saytida tanishish va munosabat qoldirish mumkin.
 
N. Toshpoʻlatova, OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.