Plastik chiqindilarni yigʻib olish, saralash va qayta ishlash bugungi kun talabi

0
97
marta koʻrilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2022 yil 2 martda plastik bilan ifloslanishni qisqartirish, dengiz muhitini va ekotizimni muhofaza qilish boʻyicha rezolyusiya qabul qilingan. Uning asosiy tamoyillari etib plastikdan foydalanishni kamaytirish, “ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyilini joriy etish, qayta ishlatish va qayta ishlashni oʻz ichiga olgan aylanma iqtisodiyotga oʻtish belgilangan.

Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari hamda “Barqaror rivojlanishga koʻmaklashish” markazi tadqiqotlari va takliflariga koʻra, plastik chiqindilarni boshqarishda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga “kengaytirilgan majburiyat” tizimini qoʻllash tavsiya etilgan.  

Yevropa Ittifoqining “Chiqindilar toʻgʻrisida” hamda “Qadoqlash va qadoqlash chiqindilari toʻgʻrisida”gi direktivalariga muvofiq, mahsulotlarni yigʻish, qayta ishlash va yakuniy utilizatsiya qilish majburiyatlarini mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchiga yuklovchi tamoyili joriy etilgan. Shu yoʻsinda ishlab chiqaruvchi atrof-muhit uchun bezarar qadoqlash turlaridan foydalanishi ragʻbatlantiriladi. Ushbu tizimning tatbiq etilishi tajribasini Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlari hamda Rossiya, Belarus va Qozogʻiston misolida kuzatish mumkin.  

Mamlakatimizda 2025 yil 1 noyabrgacha plastik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilarga oʻzlari ishlab chiqargan va import qilgan mahsulotlardan hosil boʻladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish majburiyatini yuklash boʻyicha meʼyoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda.  

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida shu haqda maʼlum qilingan.  

Farmon loyihasi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamalaridan oʻtkaziladi.  

Taklif etilayotgan yangi tizim 2026 yildan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Bunda plastik mahsulot ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar yoki qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan plastik chiqindilarni yigʻib olish, saralash va qayta ishlash tashkil etiladi. Yirik savdo obyektlari, supermarket, gipermarket, bozorlarda plastik taralarni qabul qiluvchi uskunalar oʻrnatiladi. Korxonalar va import qiluvchilar uchun bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan majburiyatini yuklash tizimi amaliyotga tatbiq etiladi.  

Misol uchun, alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi korxona plastik taralarini 2026 yildan  50, 2027 yildan 75 va 2028 yildan 100 foizga utilizatsiya qilish majburiyatini oladi.  

Xoʻsh, natija qanday boʻladi?  

Ushbu tizimning amaliyotga joriy etilishi yiliga 1,2 million tonna plastik chiqindilarni qayta ishlash va takror foydalanishga jalb qilish yoʻli bilan ikkilamchi moddiy resurslarning toʻplanishi va foydalanilishi darajasini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlumotida.  

Chiqindixona va poligonlarga joylashtiriladigan chiqindilar miqdorini qisqartirish hamda poligonlarning foydalanish muddatini uzaytirish ham bu jarayonda muhimdir. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, chiqindilarning hosil boʻlishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishining hajmi boʻyicha aniq statistik maʼlumotlar shakllantiriladi. Plastik mahsulotlarni toʻliq qayta ishlashga jalb etish issiqxona gazlarini (SO(2) 75 foizgacha qisqartirishga imkon beradi.  

Chiqindilarni qayta ishlovchi mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni rivojlantirish ham bu boradagi asosiy maqsad sanaladi. Plastik chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish orqali yuqori nafas yoʻllari, asab tizimi, yurak-qon tomir va allergik kasalliklarning qisqartirilishiga erishiladi.  

A.RUSTAMOV, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.