12 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif telefon orqali muloqot qildilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Pokiston yetakchisi davlatimiz rahbarini boʻlib oʻtgan Prezident saylovida ishonchli gʻalaba qozongani bilan samimiy qutlab, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Suhbat chogʻida tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda oliy darajada qabul qilingan bitim va kelishuvlar amalga oshirilishi muhimligini qayd etdilar.
Mamlakatlarimiz yetakchi korxonalari kooperatsiyasini rivojlantirish va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.