Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari toʻgʻrisidagi parlamentga Murojaatnomasida xalqimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga toʻxtaldi.
Kelgusida bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratish, odamlar tinch yashashi uchun mamlakatimizda jinoyatdan xoli muhit yaratish, sohani chinakam xalqchil tizimga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.
Qoʻyilayotgan bu kabi vazifalarni bajarishda ichki ishlar organlarida qanday ishlar amalga oshiriladi? Tizimning bugungi holati bunga tayyormi?
Shu kabi savollarga javob topish maqsadida OʻzA muxbiri ichki ishlar vaziri Poʻlat BOBOJONOV bilan suhbatlashdi.
– Prezidentimiz xalqimizning tinchligi va farovonligini taʼminlash masalasiga doimiy eʼtibor qaratmoqda, – dedi P.Bobojonov. – Zero, yakuniga yetgan 2018 yilda jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida bir qator islohotlar amalga oshirildi. Bunda asosiy eʼtibor tizimni xalq manfaatlariga xizmat qilishni oʻz xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratildi.
Prezident qarori asosida Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida 73 ichki ishlar boʻlimi tashkil etildi. Aholiga eng yaqin boʻlgan joylarda kuch va vositalar faoliyatini bevosita boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali tizimi yaratildi.
Ichki ishlar organlarining mutasaddi rahbarlari muntazam ravishda xalq deputatlari Kengashlari va aholi oldida hisobot berib bormoqda.
“Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etildi. Bu jarayonda prokuratura, sud, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yangicha mexanizmi yaratildi.
Toshkent shahrida uzluksiz tunu kun xizmat oʻtash tartibi tashkil etilib, jamoat tartibini taʼminlash kuchlarining kamida 70 foizi tungi vaqtlarda xizmat olib borishga jalb qilinishi natijasida poytaxtda jinoyatchilikning 49,1 foizga kamayishiga erishildi. Endilikda naryadlarning hodisa sodir boʻlgan joyga 5-7 daqiqa ichida yetib borishlari taʼminlanmoqda.
Toshkent shahrida amalga oshirilgan islohotlar oʻzining ijobiy samarasini berganligi bois ushbu tajriba Nukus shahri va viloyatlar markazlariga ham tatbiq etildi.
– Jinoyatlarning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Oʻtgan yilda jinoyatlar asosan qanday sabab va omillar natijasida sodir etilgan? Ularning oldini olish boʻyicha qanday choralar koʻrilgan? Eng muhimi, koʻrilayotgan choralar natija berayaptimi?
– Albatta, jinoyatlarning sabablarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oila-turmush munosabatlarida qotillik va qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlarning sodir boʻlayotganligi bu yoʻnalishga koʻproq eʼtibor qaratishni talab etmoqda.
Sektorlardagi rahbarlar bilan hamkorlikda eng quyi boʻgʻinda aholi bilan uchrashish, oilalardagi muammolarni uyma-uy yurib oʻrganish hamda bartaraf qilish boʻyicha aniq choralar amalga oshirilmoqda. Jamoatchilik va mahalla faollari bilan birgalikda nizolashayotgan yaqin qarindoshlarni yarashtirish choralari koʻrilganligi natijasida oila-turmush doirasidagi qotilliklar 19,5 foizga, ogʻir tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlar esa 36,3 foizga kamaydi.
Muqaddam sudlanganlar, xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratayapmiz. Bu borada Yoshlar ittifoqi, mahalliy hokimliklar hamda bandlikka koʻmaklashish markazlarining oʻrnini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Profilaktik hisobda boʻlgan 3,5 mingga yaqin voyaga yetmagan, 55 mingdan ortiq yosh bilan manzilli chora-tadbirlar olib borildi. Davomat tadbirlari davomida 8 mingga yaqin oʻgʻil-qiz, shundan, 3 mingdan ziyodrogʻi maktab, qolganlari litsey va kollej oʻquvchisi taʼlim muassasalariga qaytarildi. Ularni sport, fakultativ toʻgaraklar, “Barkamol avlod” markazlari va biznes shoxobchalariga jalb etish choralari ham koʻrildi. Natijada jinoyat sodir etgan oʻquvchilar soni 1 ming 565 nafardan 973 nafarga yoki 37,8 foizga kamaydi.
Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlar ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni 37,9 foizga kamaytirish imkonini berdi.
Ichki ishlar organlarining mahalla faollari, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi, prokuratura va boshqa organlar bilan olib borgan hamkorligi natijasida 2018 yilda 2 ming 301 mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmadi. Umumiy jinoyatchilik esa 2018 yilda oʻtgan 2017 yilga nisbatan 33,5 foizga kamaydi.
Bunday salmoqli va ijobiy natijalar, eng avvalo, jamoatchilikning keng ishtiroki bilan bevosita bogʻliq. Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, hududning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirishni jamoatchilik ishtirokisiz tasavvur qilish qiyin. Biroq, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xotirjamlikka berilishga hali erta.
Shu sababli, kelgusida mamlakatimizda jinoyatdan xoli muhit yaratish borasida tizimli ravishda keng qamrovli profilaktik tadbirlar olib boriladi.
– Jazoni oʻtab chiqqan shaxslar kelgusida jinoyat sodir etishining oldini olish boʻyicha qanday choralar koʻrilmoqda?
– Jinoyat sodir qilib, jazoni oʻtab chiqqan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, ozod etilganidan soʻng jamiyatning munosib aʼzosi sifatida shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2018 yilda ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilinib, ishlamay yurgan shaxslarning 88 foizi ishga joylashtirilib, ularning 24 foiziga moddiy yordam koʻrsatilishi natijasida muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari 49,1 foizga kamaydi.
Eʼtiborli jihati – jazoni oʻtash muassasalarida mehnatga layoqatli shaxslarni kelgusida ish bilan taʼminlash, kasbga yoʻnaltirish maqsadida kasbiy taʼlim markazlari ochiladi. Mahkumlar mehnat bozorida talab etilayotgan kasblarga bosqichma-bosqich oʻqitiladi.
Jazoni ijro etish tizimida ishlab chiqarish quvvatini oshirishga qaratilgan ishlar olib borilishi natijasida 81,9 foiz mahkumlarni mehnatga jalb etish imkoni yaratildi. 2018 yil davomida mahkumlarga toʻlangan oylik ish haqlarining 13,7 milliard soʻmi ularning oila aʼzolariga yuborilgan.
Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirib, kelgusida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, oʻtgan yilga nisbatan 5 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish, ularning oylik ish haqlarini 1,5 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
– Gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilarga nisbatan zoʻravonlik va shafqatsizlikka yoʻl qoʻymaslik inson huquqlarini taʼminlashning muhim shartlaridan hisoblanadi. Tizimda bunday illatlarning oldini olish va yoʻl qoʻymaslik borasida qanday choralar koʻrilmoqda?
– Darhaqiqat, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Tizimda inson huquqlari buzilishining oldini olish, gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilarga nisbatan zoʻravonlik va shafqatsizlikning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyish eng asosiy vazifalardan biri etib belgilangan. Bu borada Jinoyat kodeksining tegishli moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, ushbu ijtimoiy xavfli qilmish uchun jazo kuchaytirildi.
Davlatimiz rahbarining “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi vazirlik tizimida alohida nazoratga olindi.
Eng avvalo, xodimlarning har bir fuqaro bilan, shu jumladan, xoh u ayblanuvchi, xoh jabrlanuvchi boʻlsin, ular bilan hushmuomala boʻlishi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashi qatʼiy belgilandi.
Vazirlik tizimida mavjud muassasa va hibsxonalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari tomonidan bu borada kelib tushayotgan har bir xabarga zudlik bilan munosabat bildirilib, aybdor xodimlarga nisbatan keskin jazo choralari koʻrilmoqda.
Ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumlarning Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va prokuror nomiga yoʻllagan taklif, ariza va shikoyatlari koʻzdan kechirilmasligi hamda muhrlangan tarzda yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay, telegrammalar esa darhol yuborilishi taʼminlanmoqda. Bunday tartib vazirlikning tegishli buyruqlarida mustahkamlab qoʻyilgan.
Barcha hududlarda tergov harakatlarini audio va video qayd etish imkonini beruvchi zamonaviy tizimlar bilan jihozlangan 21 maxsus xona tashkil etildi.
Tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, maʼmuriy qamoqni oʻtash joylari, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini kafolatlash maqsadida vaqtincha saqlash hibsxonalariga 1 ming 814, tergov hibsxonalariga 123, reabilitatsiya markazlariga 283 zamonaviy videokuzatuv vositalari oʻrnatildi.
Barcha jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv kameralari bilan toʻliq jihozlanishi natijasida mahkumlar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari 90 foizga kamaydi.
Kelgusida ham jinoyat protsessining har qanday bosqichida shaxs huquq va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash borasida zarur choralar koʻrish davom ettiriladi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurdi. Tashrif asnosida tizimda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar qoʻyildi. Shu haqda toʻxtalsangiz.
– Aytib oʻtish kerak, Toshkent shahri misolida koʻplab tajribalar sinovdan oʻtkazildi. Xususan, Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimida ichki ishlar organlari bilan birga boshqa tezkor xizmatlarning faoliyati innovatsion shakl va uslublarda tashkil etildi. Boʻlim tumandagi 7 mahalla aholisiga xizmat koʻrsatadi. Jumladan, ichki ishlar tizimidagi tezkor navbatchilik qismi, profilaktika, tergov, jinoyat qidiruv boʻlinmalari, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi bilan birga tez yordam, yongʻin xavfsizligi, qoʻriqlash, qutqaruv va boshqa xizmatlar bir joyda jamlanib, ularning hamkorlikdagi faoliyati yoʻlga quyildi. Shu bilan birga, boʻlimda psixolog va xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha profilaktika inspektorining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad ichki ishlar organlarini fuqarolarimizga yanada yaqinlashtirib, ularga oʻz vaqtida sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlashdir.
Kelgusida barcha ichki ishlar boʻlimlarida Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimi tajribasi asosida xizmatni oʻtash tashkil etiladi.
Shu kuni davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2018 yilda sodir etilgan 3 ming 737 jinoyat “issiq izi”dan fosh etilmaganligi oʻrinli tanqid qilindi. Oʻtgan yilda avvalgi yillarda fosh etilmay qolgan 1 ming 923 jinoyat fosh etilib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi 4 ming 84 nafar shaxs ushlangan boʻlsa-da, jinoyatlarni fosh etishda yangi uslub va texnologiyalardan keng foydalanilmayotganligi mazkur yoʻnalishdagi ishlarni qaytadan koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Ayni paytda Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va boshqa hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilandi.
Yigʻilishda jinoyatchilikni jilovlashni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari yongʻinlar, is gazidan zaharlanish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasidagi ishlarning yetarli samara bermayotganligi, bu borada innovatsion texnologiyalardan lozim darajada foydalanilmayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Biz kelgusi faoliyatimizda bu kabi kamchiliklarni, albatta, bartaraf etamiz.
Aytib oʻtish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mahalla posboni” tuzilmasi rahbari lavozimi oʻrniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimi joriy etildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha ularning shaxsiy javobgarligi belgilab qoʻyildi. Bu borada mazkur tuzilmaga ana shu talabga toʻliq javob bera oladigan munosib kadrlar tanlab olinmoqda.
Huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi eng yangi yondashuvlarga asoslanishi, ular shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos boʻlishi zarurligiga ham eʼtibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, kadrlar salohiyati zamon talabiga javob bersa, ular intizomli va halol boʻlsagina biz koʻzlagan maqsadlarimizga erishamiz. Bu boradagi faoliyatimiz tubdan qayta koʻrib chiqiladi.
– Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotlarni tashkil etishga alohida toʻxtalib oʻtdi. Vazirlik tomonidan bu borada qanday amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish faoliyatimizdagi ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning samarali tizimini yaratish maqsadida har bir shahar va tumanda murojaatlar bilan ishlash uchun alohida lavozim joriy qilindi.
Fuqarolardan oʻz vaqtida murojaatlarni qabul qilish hamda ularga qisqa muddatda munosabat bildirish maqsadida vazirlikda tunu kun ishlovchi “Ishonch telefoni” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. “Ishonch telefoni” boʻyicha vazirlik rahbariyatining kundalik nazorati oʻrnatilgan.
Bundan tashqari, hududlarda ichki ishlar vazirining sayyor qabullari tashkil qilinib, muammolar hududning oʻzida oʻrganilmoqda. 2018 yilda 6 ming 200 dan ziyod fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, 3 ming 504 nafar fuqaroning murojaatlaridagi masalalar ijobiy hal etildi.
Shu bilan birga, 86 ming 523 nafar fuqaro ichki ishlar organlarining rahbarlari tomonidan shaxsan qabul qilingan. Jami tizim boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning 393 ming 493 murojaati koʻrib chiqildi.
Internet tarmoqlarida vazirlik, uning sohaviy xizmatlari hamda tarkibiy boʻlinmalarining veb-sayti, “facebook”, “telegram” sahifalari ochilgan. Aholi ular orqali oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qilmoqda va tezkorlik bilan javob olmoqda.
Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida aholi gavjum boʻlgan joylarga hududlardagi ichki ishlar boʻlinmalari rahbarlarining telefon raqamlariga oid maʼlumotlar ham oʻrnatilgan.
Jamoatchilik yordamida aholi bilan bevosita muloqotning yoʻlga qoʻyilishi, sektorlarga jalb qilingan xodimlar tomonidan fuqarolarning muammolarini ular murojaat qilishidan oldin aniqlab, bartaraf etish choralari koʻrilganligi natijasida murojaatlar soni 127 mingtaga kamayishiga erishildi. Kelgusida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi hamda ulardagi masalalar qonuniy yechimini topishi doimiy diqqat eʼtiborimizda boʻladi.
– Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarga barham berish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Fuqarolarning ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchini oshirish uchun kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida kadrlar bilan ishlash tizimi qayta koʻrib chiqildi.
Tizimdagi 19 ming nafar xodim attestatsiyadan oʻtkazildi. Ijobiy natijalarga erishgan, tashabbuskor 7 ming 678 xodimga navbatdagi maxsus unvonlar berildi, 1 ming 12 xodim rahbar kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Egallab turgan lavozimida besh yildan ortiq xizmat qilayotgan 346 rahbarning faoliyati tanqidiy oʻrganilib, 172 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilib, oʻrniga tashabbuskor yangi rahbarlar tayinlandi.
Oʻz ustida lozim darajada ishlamagan 383 nafar rahbar xodim olti oydan keyin qayta attestatsiyadan oʻtishi, 81 nafari past lavozimga tayinlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, 59 nafari ichki ishlar organlari safidan boʻshatildi.
Oʻz navbatida, tizimda poraxoʻrlikka qarshi kurashish borasida ham aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolar tomonidan taklif qilingan pora sifatidagi pullarni olmasdan, pora berish jinoyatini fosh etishda shaxsiy tashabbus koʻrsatgan ichki ishlar organlari xodimlari ragʻbatlantirib borilmoqda. Bunda 77 nafar xodimning pora taklif qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab qilgan murojaatiga asosan aybdor fuqarolarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlandi.
Xalqimizda “Guruch kurmaksiz boʻlmaydi” degan naql bor. 2018 yilda tizimda xizmat qilgan 174 nafar xodim sodir etgan turli jinoyatlari uchun javobgarlikka tortildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli darajada pasaygan boʻlsa-da, ichki ishlar xodimi tomonidan har qanday jinoyat sodir etilishining oʻzi favqulodda holat hisoblanadi. Bu borada biz koʻzlangan natijaga erisha olganimiz yoʻq.
Biz Internet tarmoqlarini muntazam ravishda kuzatib borib, ichki ishlar xodimlariga nisbatan bildirilgan har bir fikrning asosliligini tekshirib, sinchkovlik bilan oʻrganib boryapmiz. Safimizni nopok xodimlardan tozalashga qaratilgan tadbirlar kelgusida ham qatʼiyat bilan davom ettiriladi.
Oʻtgan yil ichki ishlar organlari uchun islohotlarga boy yil boʻldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Davlatimiz rahbarining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrogʻi va emblemasi tasdiqlangani ham sohamizga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasi boʻldi.
Endilikda Prezidentimiz qayd etganidek, biz qanchalik qiyin boʻlmasin, chekka-chekka hududlarda ham “Jinoyat haqiqati va adolati” tamoyilini albatta joriy etishimiz kerak. Yaʼni jinoyat soʻzsiz fosh etilishi va aybdor jazolanishi shart.
Buning uchun bizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Joriy yilda har bir jinoyat yoki huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha har bir hudud oʻziga xos tajribasini yaratishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
Odamlar tinch yashashi uchun mamlakatimizda jinoyatdan xoli muhit yaratishga, albatta, erishamiz.
Norgul Abduraimova, OʻzA