Prezident 10 milliondan ziyod aholi hayotiga daxldor qonunni imzoladi

0
27
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu koʻpchilik aholi kutayotgan, millionlab oilalar hayotiga daxldor masala edi. Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, hozirda huquqiy hujjatlari yoʻq yoki toʻliq boʻlmagan 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkalari mavjud.

Shu bois davlatimiz rahbari 2023 yil 21 noyabrda yer hisobi va kadastr xizmatlari boʻyicha oʻtgan videoselektor yigʻilishida bu masalani qonuniy hal etish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, soha mutaxassislari va deputatlar ishtirokida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bunda Italiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasi inobatga olindi. Oliy Majlis palatalari muhokamalarida pishitildi.

Qonun 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat boʻlib, unda quyidagi yer va mulklarga nisbatan huquqlar eʼtirof etilmoqda:

1) 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda oʻzboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

2) 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda koʻrsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni eʼtirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

4) 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;

5) bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;

6) kichik sanoat zonalariga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;

7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;

8) hokim qarori bilan mulk huquqi eʼtirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.

Qonunda huquqlarni eʼtirof etishning asosiy shartlari ham aniq belgilangan. Masalan, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan boʻlishi, yer boʻyicha nizo boʻlmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.

Huquqlarni eʼtirof etish hududlar boʻyicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli maʼlumotlarini kiritadi.

Toʻplangan hujjatlarning toʻliqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka eʼlon qilinadi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik toʻlovni amalga oshirganlarga har chorakda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar eʼtirof etiladi.

Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini oʻrnatadi. Shuningdek, qonunda jamoatchilik nazoratiga alohida eʼtibor qaratilgan.  Yaʼni, xalq deputatlari tuman kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlarga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman kengashi deputati, mahalla raisi va faol fuqarolar kiritiladi.

Turar joylar, xususiylashtirilgan yoki mulk huquqi eʼtirof etilgan bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga huquqlarni eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov olinadi. Bu toʻlov Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida 3 baravari, shaharlarda 2 baravari va boshqa aholi punktlarida bir baravarini tashkil etadi. Ijtimoiy himoya yagona reestriga kiritilgan va nogironligi boʻlgan shaxslarga chegirma beriladi.

Bir martalik toʻlovdan kadastr va adliya idoralari, “Oʻzbekkosmos” agentligining xarajatlari qoplanadi. Qolgan mablagʻlar tashabbusli byudjet tadbirlariga yoʻnaltiriladi, yaʼni oʻsha mahallalarning oʻziga sarflanadi.

Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi, unga qadar joylarda targʻibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi. Qonun 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan. Oʻzbekiston Prezidentining 2023 yil 28 iyuldagi farmoni bilan, faqat ushbu hududdagi hujjatsiz uy-joylar va ular joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qarori bilan eʼtirof etishga ruxsat berilgan edi.

Shundan soʻng, barcha tuman va shaharlarda ishchi guruhlar tuzilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasida huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan 43 ming 432 ta uy-joy birma-bir oʻrganib chiqildi. Uylarning joylashgan oʻrni, holati va qurilgan vaqti yer hisobi hamda kosmik suratlarni tahlil qilish asosida tekshirildi.

Barchasining yakunida ijobiy xulosaga kelingan 27 ming 590 ta uy-joyga mulk huquqi, ular joylashgan yer uchastkalariga ijara huquqi eʼtirof etildi.

Ushbu xalqparvar siyosat natijasi 27 ming 590 ta xonadonda yashovchi 100 mingdan ortiq fuqarolarning hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Ularda oʻz uy-joyini qonuniy rasmiylashtirib olish, boshqa shaxsga sotish, oila aʼzolarini doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqi paydo boʻldi. Shuningdek, mulkdorlar endi bu uyini taʼmirlash yoki qoʻshimcha qurilish qilish uchun imtiyozli kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyiladigan hollarda, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin boʻldi.

“Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun ushbu xayrli ishlarning koʻlamini butun mamlakatimiz boʻylab yoyadi. Agar 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkasining har biri oʻrtacha 3-4 nafardan fuqaro va tadbirkorlarga daxldor boʻlsa, bu qonun 10 milliondan ziyod aholining muammosini hal qilib, kelgusi hayotiga qonuniy zamin yaratadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.