Prezident aholi turmush sharoitlarini yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berdi

0
180
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumanidagi umumtaʼlim maktabi va tikuvchilik sexini borib koʻrdi.

Birlik mahallasida joylashgan 238-maktabda ikki mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi. 1969 yilda qurilgan bino eskirgan. Maktab sigʻimiga nisbatan oʻquvchilar soni juda koʻpligi sababli darslar ikki smenada yoʻlga qoʻyilgan. 2018 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq 240 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilgan. Lekin poytaxtimizda eski, sigʻimi kichkina maktablar hali koʻp.

Shu yerda Toshkent shahrida yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirishga oid rejalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz maktablar sigʻimini oshirish uchun ularni toʻrt qavatli qilib qurish, shu bilan birga boʻsh turgan binolardan samarali foydalanish zarurligini taʼkidladi. Oʻqituvchilarga qoʻshimcha sharoit yaratish orqali oʻquv-tarbiya ishlari sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari «Kozimjon reyting servis» korxonasi tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexida ham boʻldi.

Ushbu loyiha «Koʻkcha tekstil» masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Xorijdan 100 ta zamonaviy tikuv mashinasi va yordamchi uskunalar olib kelib oʻrnatildi. Natijada yiliga 500 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Band boʻlmagan 200 nafar xotin-qiz qayta oʻqitilib, ishga qabul qilindi.

Prezident mahsulotlar turini koʻpaytirish va sifatiga eʼtibor qaratish, bozorni doimiy oʻrganib, eksportini ham yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Korxona faoliyatini kengaytirish va ishni ikki smenada tashkil etish orqali yana koʻproq xotin-qizlarni jalb etish, ularning bandligini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Shu yerda Uchtepa tumanida qurilayotgan boshqa korxonalar haqida ham maʼlumot berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.