Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni avtomobil sanoatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimiz avtomobilsozligi oʻtgan yigirma uch yil mobaynida izchil rivojlanib, ichki va tashqi bozorda oʻz oʻrnini topdi. Joriy yil 1 oktyabrdan imtiyozlar bekor qilinishi bilan ushbu tarmoq ham erkin bozor sharoitiga oʻtadi. Bu korxonalarda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni, mahsulotlarni bozorbop va raqobatbardosh qilishni talab etadi.
Joriy yilning olti oyida ishlab chiqarish oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 154 foizga oshib, 1 trillion soʻm sof foyda olingan. Qariyb 73 million dollarlik avtomobillar eksport qilingan. Ichki bozorda mahalliy avtomashinalar ulushi 97 foizga yetgan.
Bular yaxshi, albatta. Biroq, gap lokalizatsiya darajasi haqida borganda raqamlar maqtanarli emas. Bu koʻrsatkich yengil avtomobillar ishlab chiqarishda 45 foiz, yuk avtomobillari va avtobuslarda 24 foiz, xolos.
Yigʻilishda lokalizatsiya darajasini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish orqali eksportni koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasiga umumiy ishlab chiqarish hajmini 2023 yilga qadar hozirgi 250 mingdan 350 ming donaga, eksport hajmini kamida 100 ming donaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Buning uchun, avvalo, tarmoqda ilgʻor boshqaruv tizimini joriy qilish, xorijiy konsalting kompaniyalari mutaxassislarini jalb etib, ishlab chiqarish va mahsulot tannarxini optimallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Eksportda bir dona yengil avtomobilning logistika xarajati narxning 8-10 foizini tashkil qilishi qayd etilar ekan, bu xarajatlarni davlat tomonidan qisman qoplab berish boʻyicha vazifalar belgilandi. Xorijiy distribyutorlar bilan birgalikda eksport narxini qayta shakllantirish va tashqi bozorlarga kafolatli chiqish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda 5 turdagi engil avtomobil 5 ta alohida platformada ishlab chiqarilayotgani ham xarajat, resurs va vaqt sarfini koʻpaytirib, mahsulot narxiga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Shu bois yigʻilishda yagona platformada bir necha markadagi avtomobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, “MAN Auto” va “SamAuto” korxonalariga xitoylik va yaponiyalik hamkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarini jalb qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga tarmoqda lokalizatsiya darajasini oshirish, xususan, import qilinayotgan 22 turdagi bazaviy qismlarni yurtimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish topshirildi.
Importni notarif mexanizmlar orqali tartibga solish, transportlarning atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha xorijiy standartlarni joriy etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari avtomobillar narxini barqaror saqlab, sifatini oshirish, yangi hamyonbop modellar ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni kengaytirish orqali mahsulotlarning bozordagi oʻrnini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Yigʻilishda muhokama qilingan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.