Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Technologies of real time” Oʻzbekiston – Singapur qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Avtomobilsozlik mamlakatimiz sanoatida yirik tarmoq. Soʻnggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish qariyb 3 barobar koʻpayib, joriy yil yakunida 460 ming donaga yetishi kutilmoqda. 2030 yilgacha bu koʻrsatkichni 1 milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.
Sohada monopoliyani yoʻq qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 2 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Umuman, bugun 20 dan ziyod zavodda oʻnlab turdagi avtomobillar, yuk va yoʻlovchi tashish transportlari ishlab chiqarilmoqda.
Shu bois tarmoqda ehtiyot qismlarga ham talab koʻp. Bu borada 300 dan ziyod korxona yaxlit kooperatsiyaga bogʻlangan. Zangiotadagi “Technologies of real time” shulardan biri.
Prezident 2019 yilda “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtgan xalqaro sanoat yarmarkasida mazkur korxona mahsulotlari bilan tanishib, zarur koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Korxonadagi 12 ta sexga Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va AQSHdan keltirilgan uskunalar oʻrnatildi. Bugungi kunda 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda.
— Koʻp detallar mahalliylashtirilgani hozircha maʼqul. Mutaxassislar zoʻr boʻlsa, sifat ham, eksport ham oshadi, — dedi Prezident.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga korxonada ehtiyot qismlar qatorini kengaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Mahsulotlar buyurtma asosida Oʻzbekiston boʻylab yetkazib beriladi. Xususan, “Oʻzavto motors”ning Xorazm viloyatidagi zavodiga “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.
Tovarlarni texnik tekshiruv va sinovlardan oʻtkazish uchun zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Korxona mahsulotlari IATF 16949:2016, ISO 9001:2015, ISO 45001:2020 hamda “Jeneral Motors”ning BIOS xalqaro sifat sertifikatlariga ega.
Shu bois ularga xorijda ham talab bor. Xususan, oʻtgan yili Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 million dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib berilgan. Joriy yilning toʻqqiz oyida 2 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, korxona Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Rossiyada boʻlib oʻtadigan xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.
Korxonada 220 ta ish oʻrni yaratilgan. Xodimlar shu yerdagi kurslarda oʻqitilib, keyin ishga qabul qilinadi.
Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Shu yerda kelgusi rejalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, 2025 yilda 1,15 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada BYD, Chery, Changan, Geely avto, Dongfeng kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
Loyiha samarasida 43 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, ishlab chiqarish quvvatlari 180 mingdan, 280 ming donaga yetkaziladi.