Prezident axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi

0
114
marta koʻrilgan.

2018 yil 9 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tegishli vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. 

Bugun mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va kundalik hayotga izchil joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan yilda raqamli televideniye qamrovi 88 foizdan 100 foizgacha yetkazildi. Mobil aloqadan foydalanuvchilar soni 7 foizga oshib, 22,8 millionga yetdi. 2017 yilda axborot texnologiyalari sohasida 7,7 trillion soʻmlik yoki 2016 yilga nisbatan 26 foizga koʻp xizmat koʻrsatildi. Investitsiya dasturi doirasida 260 million dollar oʻzlashtirildi.

Yigʻilishda erishilgan natijalar alohida qayd etilar ekan, 2018 yilda va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalar haqida ham soʻz bordi.

Prezidentimiz axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar koʻpligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past koʻrsatkichda ekanligini qayd etdi.

Misol uchun: axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada – 9 foiz, Yaponiyada – 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda – 4,7 foiz, Oʻzbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingdagi 176 ta mamlakat ichida Oʻzbekiston 95-oʻrinni egallagani isbotlab turibdi.

Yigʻilishda Internet tarmogʻiga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy taʼminot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa oʻrnatish, “Elektron Hukumat” tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat “Telegram”da yozishma uchun foydalanadi, xolos, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda MDH davlatlari boʻyicha Internetning oʻrtacha tezligi biznikidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yoʻllarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani taʼkidlandi.

Mutasaddilarga Internet narxini arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga keskin oshirish, 2020 yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini koʻrish boʻyicha zarur topshiriq berildi.

Bugun “Xavfsiz shahar” yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyihaning konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq kameralar oʻrnatish, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va Situatsiya markazlarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz hudud”, “112” tizimi, oliy taʼlim muassasalariga imtixon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yoʻl harakati qoidalari buzilishlarini roʻyxatga olish tizimlarini joriy etish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda “Xavfsiz hudud” va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi farmoniga asosan tashkil etilgan «Mirzo Ulugʻbek innovatsiya markazi»da 140 dan ortiq korxonaga rezident maqomi berilib, ularda ayni vaqtda 1000 dan ortiq dasturchi mutaxassis ishlamoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomi berilgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida eng zamonaviy texnologiyalar va taʼlim uslublari keng joriy etilmoqda.

2018 yilda xalqaro tajribani, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda, “2018-2021 yillarda “Elektron Hukumat” tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi”ni ishlab chiqish, “Mirzo Ulugʻbek innovatsiya markazi» rezidentlari tomonidan koʻrsatiladigan ishlar va xizmatlar hajmini kamida 2 barobarga hamda eksport hajmini 1,8 barobarga oshirish, rezidentlar uchun chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda va yangi bozorlarga chiqishda koʻmaklashish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obroʻli 1 000 universitet safiga kiritishni taʼminlash,  sohada jahonda yetakchi boʻlgan universitet va kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar va talabalarning xorijiy stajirovkasi va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi, mutasaddilarga dunyoning yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korporatsiyalar bilan tenglasha oladigan milliy operatorimiz va dasturchilarimizning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Yigʻilishda “Oʻzbektelekom” kompaniyasining ishlash samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon soʻzlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan subyektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qoʻllash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta koʻrib chiqib, yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.