Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi «Gold Fish agro» baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Jizzax viloyatida 220 dan ortiq baliqchilik xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda yil yakuni bilan jami 23 ming tonna baliq yetishtirish moʻljallanmoqda.
Bu yil ularning safiga «Gold Fish agro» masʼuliyati cheklangan jamiyati ham qoʻshildi. Qiymati 30 milliard soʻmlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan.
Klaster maydoni 43 gektar boʻlib, shundan 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Sunʼiy hovuzlarda Xitoy texnologiyasi oʻrnatilgan. Bu doimiy suv talab qilmaydi, balki oʻzidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sunʼiy hovuzda mingtagacha sazan boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sunʼiy koʻllarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanmoqda.
Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega. Shu yerning oʻzida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sigʻimli zamonaviy muzlatgichlar ham bor.
Davlatimiz rahbari baliq yetishtirish jarayonini koʻzdan kechirdi. Bu tajribani ommalashtirib, aholini ham jalb etish zarurligi taʼkidlandi.
— Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish deyapmiz, har bir xonadonda daromad manbai yaratishni oʻylayapmiz. Mana tayyor loyiha. Shunday hovuzlarni yetkazib berib, tartib-qoidasini oʻrgatib, uy sharoitida baliq boqishni koʻpaytirish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va aylanma mablagʻ bilan taʼminlab, sunʼiy hovuzlarni koʻproq tayyorlash va joylarga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu yerda Jizzax viloyatida uzumchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimot qilindi.
Hudud tabiati uzumchilik uchun juda qulay. Bundan foydalanib, Baxmal, Gʻallaorol, Zomin, Sharof Rashidov, Zarbdor va Yangiobod tumanlarida 42 ta klaster tashkil qilinib, 50 ming gektar maydonda tokzor va intensiv bogʻlar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanida uzumchilik klasteri tashkil etib, mahsulotni koʻpaytirish, enoturizmni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Aholiga hosildor navlar berib, uzumini sotib olishni yoʻlga qoʻyish orqali besh ming kishining bandligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.