Davlatimiz rahbari Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida boʻlib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hudud obodonlashtirilib, tadbirkorlik rivojlanmoqda. Toʻqimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat doʻkonlari va xizmat koʻrsatish ustaxonalari aholi xizmatida.
Mahallada Kasanachilik markazi tashkil etilmoqda. Prezident unda yaratilayotgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Bu yerda tikuvchilik, charmdoʻzlik, gilamchilik mahsulotlari tayyorlanishi bilan birga kasanachilarga ish ham oʻrgatiladi. Hokim yordamchisi hamda xotin-qizlar faoli tomonidan ishsiz fuqarolar aniqlanib, qiziqish va xohishlariga koʻra yoʻnalishlar boʻyicha ustalarga biriktiriladi. Buyurtmalarni tayyorlashni toʻliq oʻzlashtirgan kasanachilarga uyida ishlashi uchun kerakli dastgoh hamda xomashyo beriladi. Buyurtmachi va kasanachi oʻrtasida tuzilgan shartnomalar hokim yordamchisi tomonidan “Yagona mehnat milliy tizimi”ga kiritiladi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi hunarmandlarni xomashyo bilan taʼminlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning maʼlum xonalarini kasanachilarga ajratish boʻyicha topshiriqlar berdi.
— Oʻzi hunar oʻrganishning eng katta zamini — mahalla. Bu anʼanamizdan foydalanib, kasanachilik asosida, ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham maʼnaviy, ham moddiy kuch boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markaz Yangi Batoshdan tashqari unga tutash Batosh, Xoniyon, Taraqqiyot, Dasht, Jumabozor kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U toʻliq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi bandligida muhim omil boʻladi.