Prezident Beltovdagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi

0
212
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir tumanidagi “Beltov” ovul fuqarolar yigʻinida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerda mingdan ortiq aholi yashaydi. Tuman markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan hududning ilgari sharoiti ogʻir edi. “Obod qishloq” dasturi asosida qurilish, taʼmirlash ishlari amalga oshirilgach, ovul qiyofasi oʻzgardi.

Fuqarolar yigʻini idorasi, madaniyat markazi, shifokorlik punkti, maktabgacha taʼlim muassasasi kapital taʼmirlandi. Hammom qurildi. Yangi quvurlar tortilib, ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi. Koʻchalarga qum-shagʻal aralashmasi va qora qoplama yotqizildi. “Orjap” kanalida piyodalar koʻprigi qurildi, yoʻlaklar, ariqlar tartibga keltirildi. 5 kilometr elektr tarmoqlari yangilanib, transformator oʻrnatildi.

Shavkat Mirziyoyev ovuldagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Aholi bilan muloqot qildi.

– Oxirgi yillarda Qoraqalpogʻistonga alohida eʼtibor berib, katta kuch va resurslarni jalb etganimiz oʻz natijasini berayapti. Odamlar yoʻlimiz toʻgʻriligiga ishondi. Endi yangi marralar qoʻyganmiz. Qoraqalpogʻistonga hamma rahbarlarni olib keldik. Bunaqasi tarixda boʻlmagan. Ular mablagʻi, jamoasi bilan kelib, aniq loyihalar ishlab chiqayapti. Taxtakoʻpirning ham avvalgi mavqeini tiklashimiz zarur, — dedi Prezident. 

Davlatimiz rahbari ayollar turmushini yaxshilash masalasiga alohida toʻxtaldi.

Yurtimizda ayollar koʻz yoshi toʻkmaydigan jamiyat qurishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot boʻldi. Ular mahallalardagi muammolarni hal etish, bandlikni taʼminlash borasidagi takliflarini bildirdi.

Prezidentimiz shu yerda jurnalistlar bilan ham suhbatlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.