Prezident bemor bolalar holidan xabar oldi

0
142
marta koʻrilgan.

Ayni kunlarda xalqimiz Ramazon hayitini tinchlik-xotirjamlikda, shukronalik bilan bayram qilmoqda. Oʻzaro mehr-oqibat yanada oshib, ehtiyojmand oilalarga muruvvat koʻrsatish, bemorlar holidan xabar olishdek savob ishlar koʻpaymoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Shunday ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordi.

Bu markaz aholiga gematologik va transfuziologik yordam koʻrsatish, shunday kasalliklarning oldini olish va ularni davolash, gematologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borishga ixtisoslashgan.

Markazda yuqori dozali va intensiv poliximioterapiya usullari amaliyotga joriy etilgan. Oʻtkir limfoblast leykozlarni davolashdagi yangi ishlanmalar natijasida bemorlarning remissiyaga chiqishi va toʻliq tuzalishi 70-85 foizgacha yetmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 10 fevraldagi qarori gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish, onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻlmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, 2020-2024 yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 milliard soʻmdan ziyod va qariyb 71 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Xususan, joriy yilda 91 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgan.

Bu mablagʻlar hisobidan shifoxonalar dori vositalari, tibbiy buyumlar, reaktiv va reagentlar bilan taʼminlanmoqda. Shuningdek, gematologiya xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolashni takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezident markazning sharoitlarini koʻzdan kechirdi. Markazda 3 ta bino boʻlib, 260 ta oʻringa ega. Hozirgi kunda bu yerda 210 nafar bemor davolanmoqda. Shundan 42 nafari bolalardir.

Davlatimiz rahbari ushbu shifoxona uchun yangi bino barpo etish, unda Rossiyaning D.Rogachyov nomidagi tibbiy tadqiqot markazi tajribasi asosida bolalar onkogemotologiyasi markazi tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. U yerda oʻzak xujayralarini donordan koʻchirib oʻtkazish — allogen transplantatsiya yoʻlga qoʻyiladi.

Prezident shifoxonada davolanayotgan bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi.

— Gematologiyada davolashni yaxshilash  boʻyicha qarorlar qabul qildik. Lekin, bu ishlar hali yetarli emas. Bugun kelishimdan maqsad — sizlarga yanayam koʻproq sharoit yaratish, kasallarni tezroq oyoqqa qoʻyish, davolash kafolatini oshirish boʻyicha choralarni belgilash. Sizlar hammangiz — mening farzandlarimsizlar. Har kuni kulib turib, ota-onalaringga madad boʻlishlaringiz kerak. Albatta tuzalib ketaman, degan intilishingiz boʻlishi kerak. Biz buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari onalar va bolalarni Ramazon hayiti bilan tabrikladi.

— Koʻngillaringiz boʻlinmasin. Bir oʻzlaringiz emassizlar. Hammamiz hamdardmiz. Bu sohada imkoniyatlarni yaxshilash uchun yangi markaz quramiz. U yerda onalar uchun ham, bolalarning oʻqishi uchun ham sharoit boʻladi, davolash ham oʻzgaradi. Eng katta niyatimiz — tezroq davo topib, uyga, oilangiz bagʻriga qaytishingiz, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev bolalarga mehribonligi va fidoyiligi uchun markaz shifokorlariga minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.