Prezident bemor bolalar va ularning onalariga dalda berdi

0
384
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbari bu muassasaning eski binosini oʻtgan yili 14 mayda borib koʻrgan edi. U paytda shifoxona Respublika gematologiya markazi boʻlib, kattalarga ham, bolalarga ham bir joyda xizmat koʻrsatilardi. Dori taʼminoti yetarli boʻlmagani, ximiya terapiya usullari yoʻlga qoʻyilmagani sababli davolanish samaradorligi 30 foizdan oshmasdi.

Binodagi sharoitlar ham achinarli edi. Bir xonada 3-4 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Ovqat uchun har bir bemorga kuniga 11 ming soʻm ajratilgan xolos. Laborator tahlillarning yarmi xususiy klinikalarda oʻtkazilardi.

Shundan soʻng, bu yerda koʻrilganlar, ota-onalar va mutaxassislar bilan muloqotlar asosida, Prezidentimiz 2021 yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasi kattalar shifoxonasidan ajratilib, alohida markazga aylantirildi. Bu muassasa uchun Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy koʻchasida qurilgan yangi bino berildi va joriy yil yanvardan ish boshladi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Yangi markazda oʻrinlar soni oldingi 85 tadan 160 taga yetkazilgan. Bemor bola va uning ota-onasi uchun alohida shart-sharoitlar yaratilgan.

Bugungi kunda 101 nafar bola davolanmoqda. 130 dan ortiq shifokor, jumladan, 38 nafar ilmiy xodim va yuzlab hamshiralar ularga qalb qoʻrini bagʻishlayotir.

Bolalar onkogematologiyasi, gematologiya, onkologiya, reanimatsiya, gemodializ va plazmoferez boʻlimlari, statsionar va maslahat poliklinikasi zamonaviy jihozlangan. Bu yil avvalgilariga qoʻshimcha 14 turdagi asbob-uskuna keltirib oʻrnatildi.

Dori vositalari bilan taʼminlash darajasi ham oshirildi. Masalan, 2016 yilda buning uchun 2 milliard 800 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, hozir bu miqdor qariyb 60 baravar oshirilib, 170 milliard soʻmga yetdi. 91 turdagi onkogematologik dori vositalari davlat hisobidan bepul berilmoqda.

Chet ellik konsultantlar jalb etilib, davolash va diagnostika standartlari yangilandi. Jumladan, oʻzak xujayralari transplantatsiyasi soni oshdi.

Yana bir muhim jihati, molekulyar genetika, immunogistoximiya kabi murakkab tashxislar shu yerning oʻzida yoʻlga qoʻyildi. Ilgari buning uchun namunalar Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga tekshirish uchun yuborilar edi.

Bolalarning davolanishi bilan birga taʼlim-tarbiyasi ham eʼtiborda. Bu yerda gospital turdagi «Mehrli maktab» tashkil etilgan boʻlib, unda umumiy oʻrta taʼlim bilan bir qatorda maktabgacha taʼlim dasturi boʻyicha bilim beriladi. Maktabda bir yilda 1000 nafargacha bola davolanish bilan bir vaqtda taʼlim olishi va qiziqarli mashgʻulotlarda qatnashishi mumkin.

Prezidentimiz markazda davolanayotgan bolalar va ularning onalariga dalda berdi.

— Yoningizga yana kelishdan maqsadim — sizlarga kuch berish, umidni ikki karra koʻpaytirish. Bu hammamizga sinov. Biz davlat boʻlib, aqlimizni, kuchimizni ishga solib, bu kasalliklarni yengishimiz kerak. Ota-onalarga koʻmak berib, bolalarning dardiga malham boʻlib, ularni sogʻaytirishimiz zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz bolalarning orzu-istaklarini qoʻllab-quvvatladi, tezroq sogʻayib, yaxshi oʻqishlarini tiladi.

Shu yerda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini kengaytirish rejalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Unga koʻra, gemapoetik oʻzak xujayralarini allogen va autologik transplantatsiya qilish uchun 2 ta aseptik bino, hududlardan uzoq muddatga keladiganlar uchun 200 oʻrinli xostel barpo etiladi. Yil yakunigacha markazga yana 67 turdagi jihozlar keltiriladi.

— Bu soha yurtimizda yangi tizim. Endi uni hududiy shifoxonalardagi shunday boʻlimlar bilan bogʻlab, kasalliklarni erta aniqlash zarur. Quyi pogʻonada skriningni kengaytirib, «kasallikdan oldin yurish» kerak, — dedi Prezident.

Ushbu markaz negizida ilmni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

— Binoda sharoit bor, muvaffaqiyat yoʻq. Muvaffaqiyat ilmda! Shuning uchun bu yer kasallik omillaridan tortib, samarali davolash uslublarigacha oʻrganish boʻyicha ilmiy markaz boʻlishi kerak. Viloyatlardagi tibbiyot xodimlari kelib, malaka oshirsin, — dedi davlatimiz rahbari.

Bu soha yuksak rivojlangan Germaniya tajribasi asosida davolash protokolini yangilash, mutaxassislar jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.