Prezident: Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni taʼminlash – barchamizning bosh maqsadimizdir

0
137
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlarning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib kelmoqda. Shu bilan birga, hayot ham, xalqimizning dunyoqarashi ham oʻzgarmoqda.

Soʻnggi yillarda fuqarolar tomonidan Konstitutsiyamizni takomillashtirish boʻyicha koʻplab fikrlar bildirib kelinayotgan edi. Shuni inobatga olib, joriy yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Oʻtgan bir oy davomida mazkur komissiyaga xalqimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushdi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari aholining bunday faolligini, mamlakatimiz kelajagiga daxldorlik hissini yuksak baholab, konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

– Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir soʻz bilan aytganda, “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz oʻz maʼruzasida toʻrtta ustuvor yoʻnalishga eʼtibor qaratib, ularning har biri boʻyicha takliflarini aytdi.

Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi.

– Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi boʻlmogʻi shart. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, oʻzining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur, – dedi Prezident.

Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani taʼkidlanib, Konstitutsiyaga “Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanadi”, degan normani kiritish taklifi bildirildi.

Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emasligini qatʼiy yozib qoʻyish zarurligi aytildi.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy munosabatni taʼminlash boʻyicha konstitutsiyaviy asoslarni mustahkamlash masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Maʼmuriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yoʻnalishdagi ishlarni koʻrib chiqishda insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli boʻlishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

Ikkinchi yoʻnalishda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoya ilgari surildi.

Maʼlumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari yaratib beradi, hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, oʻz muammolari bilan yolgʻiz tashlab qoʻyilmaydi. Shu bois bu yoʻnalishda aholini uy-joy bilan taʼminlash, oilaning iqtisodiy va maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, bolalarning manfaatlari va toʻlaqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, inson salomatligi va ekologiyani asrashga oid takliflar bildirildi.

 – Bir soʻz bilan aytganda, davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida boʻlishidan qatʼi nazar, barcha insonlar haqida qaygʻurishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchinchi yoʻnalish Konstitutsiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida boʻldi. Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga koʻmak koʻrsatishiga oid tamoyillar oʻz ifodasini topadi.

Toʻrtinchi yoʻnalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan juda muhim.

– Biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etishni koʻzlaganmiz. Bu shuni anglatadiki, davlat, uning organlari va mansabdor shaxslari xalq uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati oʻrnatiladi. Konstitutsiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor boʻlishini taʼminlash yuzasidan qoidalar kiritishni taklif qilaman, – dedi Prezident.

Jumladan, hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini taʼminlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish, Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga oʻtkazish boʻyicha takliflar bildirildi.

Hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti kelgani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qildi. Bu qoida orqali xalq bevosita tashabbus koʻrsatish huquqini qoʻlga kiritadi. 100 ming kishidan kam boʻlmagan miqdordagi fuqarolar oʻz qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.

Hukumat vakolatlarini ham kengaytirib, Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar, oilani qoʻllab-quvvatlash, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha masʼuliyatini Konstitutsiyada belgilash lozimligi qayd etildi.

Jahonda tub oʻzgarishlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda, Oʻzbekiston tashqi siyosatining konseptual-huquqiy asoslarini yangilash va takomillashtirish muhimligi ham taʼkidlandi.

Maʼlumki, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan umumlashtirilgan takliflarni endi Qonunchilik palatasi deputatlari qonunchilik tashabbusi tartibida Parlament quyi palatasiga kiritadi. Parlamentda ular chuqur muhokamadan oʻtkazilib, yangilangan Konstitutsiya loyihasi tayyorlanadi. Qonunchiligimizga koʻra, parlamentning oʻzi ham Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish vakolatiga ega. Lekin Prezidentimiz Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida koʻrib chiqishni hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilishni taklif etdi.

 – Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, Prezident xalqimizga murojaat qilib, konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi.

 – Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni taʼminlash – barchamizning bosh maqsadimizdir! Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda oʻzaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv samimiy muloqot tarzida davom etdi. Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari soʻzga chiqib, aholining takliflari, islohotlar zarurati haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.