Prezident: Bu koʻprik oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi ogʻzibirlik va hamkorlik koʻprigidir

0
57
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 fevral kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumaniga borib, yangi koʻprikning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Bu ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshootdir. Prezidentimiz bu haqdagi tashabbusni 2020 yil 13 dekabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan edi. Shundan soʻng puxta loyiha ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari uning qurilishini ikki bor kelib koʻrdi.

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati faollari ishtirokida yangi koʻprikning tantanali ochilish marosimi boʻldi.

Prezident dastlab poyezdda va avtomobilda yurib, koʻprik sifatini koʻzdan kechirdi. Jamoatchilik ishtirokidagi yigʻilishda bu loyihaning samaradorligi, aholi hayotidagi ahamiyatini taʼkidladi.

– Orolboʻyi mintaqasini, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholimizga qulay sharoitlar yaratish mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biridir. Ilgari ham aytganimdek, Qoraqalpogʻistonning taqdiri – bu Oʻzbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun Oʻzbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bugun mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yoʻlida yana bir ulkan qadam qoʻymoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koʻprik qurilgan joy yurtimizning eng chekka hududlaridan biri. Shu paytgacha odamlar oʻtgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton koʻprikdan foydalanib kelar edi. Har bahorda muz erib, daryoda suv koʻpayishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daryoning ikki tomonidagi aholiga juda koʻp qiyinchiliklar tugʻdirardi.

Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qoʻshimcha 180 kilometr yoʻl yurishga toʻgʻri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp koʻprigidan oʻtib kelinardi.

Yangi koʻprik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzogʻi yaqin boʻladi. U orqali Qoraqalpogʻiston bilan Xorazmni bogʻlaydigan eng yaqin avtomobil va temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Koʻprikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qoraoʻzak bekatlarini bogʻlaydigan 85 kilometrlik temir yoʻl hamda 3 ta vokzal ham barpo etildi.

Bu inshoot samarasida yoʻlning oʻtkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yoʻlovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz oʻtishi taʼminlanadi.

Koʻprik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlib, bu orqali temir yoʻl masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yoʻl orqali Qozogʻiston va Rossiyaga ham yangi yoʻnalishlar ochiladi.

Shuningdek, Qoraoʻzak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashilishi hisobiga Oroboʻyi mintaqasidagi 4 million aholi va turistlarga xizmat koʻrsatuvchi avtomobil yoʻllari sifatli saqlanadi. Bundan ham aholi, ham tadbirkor va turistlar katta manfaat topadi.

– Biz birgalikda bunyod etgan bu muhtasham koʻprik shunchaki navbatdagi infratuzilma inshooti emas. Bu koʻprik avvalo oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi mustahkam ishonch va doʻstlik, ogʻzibirlik va hamkorlik koʻprigidir. Bu yoʻl jahonga ochilayotgan Yangi Oʻzbekiston, Yangi Qoraqalpogʻistonning taraqqiyot va farovonlik yoʻllaridir. Mana shu azim daryoning ikki sohilida, shunday yorugʻ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari roʻyobga chiqqan tarixiy kun barchamizga muborak boʻlsin, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ogʻir iqlim sharoitida fidokorona mehnat qilgan mohir quruvchilarga, loyihachi va muhandislarga, koʻprikni barpo etishga munosib hissa qoʻshgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.

Xususan, bu yil Buxoro – Urganch – Xiva, kelgusi yildan Miskin – Nukus temir yoʻli elektrlashtiriladi. Natijada Xiva hamda Nukus shaharlariga tezyurar poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu hududlardagi aholining mamlakatimizning boshqa shaharlariga borib-kelishi osonlashadi. Bu loyihalar hisobidan transport xarajatlari 2 barobar qisqarib, yoʻlovchi tashish 30 foizga oshadi.

Umuman, bunday yirik loyihalar Qoraqalpogʻiston va Xorazmning iqtisodiy salohiyati oshishi, investitsiyalar oqimi va ish oʻrinlari koʻpayishi, aholi daromadlari oʻsishiga xizmat qiladi.

Marosimda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz hayotidagi ushbu tarixiy bir voqea munosabati bilan barchani tabriklab, Orolboʻyi rivojiga eʼtibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.