Prezident Buxorodagi klaster faoliyati bilan tanishdi

0
111
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Buxoro Agroklaster” tizimidagi bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xususan, Buxoro shahridagi “Buxoro Agroklaster DZZ” korxonasida sutni qayta ishlash va qadoqlash yoʻlga qoʻyilgan. 6,2 million dollar investitsiya evaziga qarovsiz maydonda zamonaviy majmua barpo etilib, Italiya va Rossiyadan uskunalar keltirib oʻrnatilgan. 2021 yilda ochilgan korxonada bugungi kunda yiliga 22 ming tonna sut qayta ishlanmoqda. Undan tayyorlanayotgan kefir, sut, pishloq, yogurt, qaymoq, smetana kabi mahsulotlarning turi qirqtadan ortiq. 150 nafar aholi ish bilan taʼminlangan.

Prezident bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

Ish koʻlami va daromadning ortishi klaster faoliyatining kengayishiga xizmat qildi. Majmua hududida yangi inshootlar qurildi. Xususan, korxona tizimida yer maydonlari unumdorligini aniqlab beruvchi zamonaviy laboratoriya ishga tushirildi. U Germaniyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan, tuproq tarkibidagi qirqdan ortiq, suv tarkibidagi oʻnga yaqin koʻrsatkichlarni aniqlash imkoniga ega.

Buxoro viloyati ekin maydonlarining shoʻrlanganlik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Hosildorlikka erishish uchun tuproq tahlili nihoyatda zarur. Bu laboratoriyada tuproqning kimyoviy tarkibi oʻrganilib, shu orqali oʻsimliklarning mineral va organik oʻgʻitlarga boʻlgan talabi aniqlanadi. Tuproq xossalari, shoʻrlanish darajasi ham chuqur oʻrganiladi. Uning natijalari asosida yerni meʼyorlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻriladi.

Bu yerda shakllantirilgan maʼlumotlar korxonaning yana bir loyihasi – “Agro Smart Map Uz” platformasiga yuklab boriladi. Shu maʼlumotlar asosida yer egalari kerakli agrotexnologik tavsiyalar oladi.

Davlatimiz rahbari laboratoriyadagi sharoitlar bilan tanishdi. “Buxoro Agroklaster”ning navbatdagi loyihalari haqida axborot berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.