Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga kelib, suv xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, global iqlim oʻzgarishi tufayli suv resurslari taqchilligi yildan yilga kuchayib bormoqda. Soʻnggi 50 yil davomida Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Qishloq xoʻjaligi ekinlari asosan egatlab sugʻorilmoqda. Koʻp yerlar lazerli uskuna bilan tekislanmagan. Kollektor-drenaj tarmoqlari eskirgan. Bularning oqibatida suv juda koʻp isrof boʻlmoqda.
Lekin ayni paytda aholi soni oʻsib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talab ortmoqda.
Shu bois davlatimiz rahbari suvni tejash, uning aniq hisobini yuritish va samarali foydalanish zarurligini doim taʼkidlab keladi. 2020 yil 10 iyuldagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasida shu boradagi barcha masalalar oʻz ifodasini topgan. Ushbu konsepsiyaga muvofiq, joriy yil 24 fevralda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning uch yillik strategiyasi qabul qilindi. Unda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni kengaytirish va davlat tomonidan ragʻbatlantirib borish, bu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.
Chinoz tumani Yangiobod qishlogʻidagi ekin maydoni aynan shunday ishlar natijasi. Bu joyda 1 million 350 ming dollar investitsiya evaziga 850 gektar yer qayta oʻzlashtirilgan. Jami 202 ming kub metr sigʻimga ega 3 ta suv havzasi barpo etilib, ekinlarni tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan.
Yangi qoʻriq yerning 702 gektariga qoʻshqator usulda, plyonka ostida “Andijon-72” navli paxta ekiladi. Buning uchun zamonaviy seyalkalar olib kelingan. Ular chigit ekish bilan bir vaqtda tomchilatib sugʻorish shlanglarini oʻrnatib, plyonka bilan yopib ketadi.
148 gektarda eksportbop poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Jumladan, uning bir qismi ishsiz yoshlarga boʻlib beriladi.
— Ekishdan oldin sotishni oʻylash kerak. Yerni tadbirkorga berish zarur. Chunki u bozorni biladi, raqobatni biladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayta foydalanishga kiritilgan bu yerlarda 220 kishi doimiy, 1 ming 200 dan ziyod aholi mavsumiy ish bilan taʼminlanadi.