Prezident Shavkat Mirziyoyev Zomin tumanidagi “Jizzax Organis” chorvachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Umumiy qiymati 200 million dollar boʻlgan bu loyiha besh yil oldin ishga tushirilgan. Yirik majmuada ochiq va yopiq inshootlar barpo etilgan.
Birinchi bosqichda Yevropa davlatlari va AQSHdan “Angus”, “Gereford” naslli 4 ming bosh qoramol, Avstraliyadan “Dorper” zotli 2 ming bosh naslli qoʻy keltirilgan.
Mamlakatimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari – goʻsht va sut moʻl hamda arzon boʻlishida mana shunday majmualarning ahamiyati katta. “Jizzax Organis” klasteri oʻn ming bosh qoramol, toʻrt ming bosh qoʻy yetishtirish quvvatiga ega. Yiliga besh ming tonnagacha goʻsht yetishtiriladi. Bu yerda 750 kishi doimiy ishlaydi.
Korxonada barcha ish jarayonlari raqamlashtirilgan. Ekin yerlarining 1 ming 300 gektariga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Bu ishlar uchun Avstraliya, Germaniya va AQSHdan zamonaviy uskunalar keltirilgan. Umuman, klasterda qiymati oʻn million dollarlik 200 ga yaqin texnika bor. Yana bir muhim jihati, bu yerda seleksiya va genetik ishlar uchun ham imkoniyatlar bor.
Ozuqa yetishtirish uchun 12 ming gektar yer ajratilgan. Oxirgi oʻn yillar mobaynida foydalanilmagan yerlarning unumdorligini tiklash boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Buning uchun organik oʻgʻitlar berish, almashlab ekish tadbirlariga ahamiyat qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbariga klasterning yangi loyiha va rejalari haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, 28 million dollar sarmoya evaziga yiliga 20 ming tonna sut va 5 ming tonna goʻshtni qayta ishlash koʻzda tutilgan. Yana 2 ming gektarda yomgʻirlatib sugʻorish orqali ozuqa yetishtiriladi.
Chorvachilikda nasl masalasi dolzarb ahamiyatga ega. Lekin aholi boqayotgan chorvaning zotdorligi 10 foiz atrofida. Shuning uchun sunʼiy urugʻlantirishni kengaytirish, mahalliy nasllarni yaxshilash zarur.
Shuni hisobga olib, klaster tomonidan Zomin, Zarbdor va Yangioboddagi 15 ta mahallada “Angus” zotli qoramolni koʻpaytirib, sotib olish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Banklar orqali mahallalarga beriladigan moliyaviy xizmatlar toʻplamida chorvachilikni ham nazarda tutish, ozuqa yemni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuning bilan davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.