Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Davlat soliq qoʻmitasining Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, inson aralashuvini kamaytirish maqsadida soliq organlari faoliyati izchil raqamlashtirilmoqda. Xususan, ushbu markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi farmoniga muvofiq, toʻliq yangilandi. Davlat byudjetidan ajratilgan 100 milliard soʻm evaziga binolar taʼmirlanib, uzluksiz elektr taʼminoti qurilmalari, pretsizion konditsionerlar, katta hajmli server va kompyuterlar bilan jihozlandi.
Natijada markaz quvvati 8 martaga oshdi, elektron xizmatlar koʻlami kengaydi. Shaxsiy kartochkalarda saldo qatorlarini hisoblash kabi murakkab jarayonlar 10 barobar tezlashdi. Masalan, ilgari respublika boʻyicha hisoblashga 24 soat ketgan boʻlsa, endilikda bu jarayon 2-3 soatda amalga oshirilmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda muhim omil boʻlmoqda.
Kiberhujumdan himoya, biznes-analitika texnologiyalari joriy qilindi. “e-ijara”, “e-imtiyoz”, “Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari”, “Soliq tekshiruvlari”, “Avtomatlashtirilgan kameral nazorat tizimi”, “Soliq uzilishi koeffitsiyenti” kabi yangi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqildi.
Bu markazni mamlakatimiz soliq tizimining “miyasi” deyish mumkin. Bu yerga barcha soliq toʻlovchilarning maʼlumotlari integratsiya qilingan. 50 nafarga yaqin malakali mutaxassis soliq aylanmasini onlayn rejimda kuzatib, masofadan tezkor xizmat koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbari markazdagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi. Soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.