Xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda.
Davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasi deputatlarini xalq ishonchiga sazovor boʻlib, yuksak maqomga ega boʻlgani bilan tabrikladi.
– Parlament va mahalliy kengashlarga oʻtkazilgan saylovlar Oʻzbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon boʻldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Xalqimiz bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Prezidentimiz yangi saylangan deputatlarning 48 nafari ayollar, 9 nafari yoshlar ekanini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Saylovlar aholining siyosiy faolligini yuksaltirib, xalqimizning partiyalarga nisbatan ishonchi bilan birga talabchanligini ham kuchaytirgani qayd etildi.
– Saylovoldi tashviqotlarda siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni hal qilish boʻyicha koʻplab vaʼdalar berildi. Xalqimiz ana shu vaʼdalarning amalda bajarilishini kutmoqda. Buni chuqur his qilishingiz, saylovchi har doim koʻz oldingizda turishi kerak, – dedi Prezident.
Partiyalar fraksiyalari oʻzlarining istiqboldagi rejalarini aniq belgilab, ularni tizimli ravishda amalga oshirishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari saylov kampaniyasi davrida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganini qayd etib, ularni tahlil qilish asosida saylov tizimini tashkiliy-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda hukumat aʼzolari, markaziy idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.