Kecha, 27 avgust kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilish yakunlariga koʻra, prezident devoni tuzilmasida jiddiy oʻzgarishlar roʻy berishi maʼlum boʻldi.
Endilikda prezident devoni prezident adminstratsiyasi etib qayta tashkil etiladi va shu vaqtgacha prezident ijroiya apparati rahbari-maslahatchi sifatida faoliyat koʻrsatib kelayotgan Zaynilobiddin Shahobiddinovich Nizomiddinov administratsiya rahbari boʻladi.
Endilikda davlat maslahatchisi instituti tugatilgan, davlat maslahatchilari prezident maslahatchilariga aylangan.
Prezidentning yoshlar siyosati masalalari boʻyicha sobiq davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev hamda Ommaviy axborot vositalari, maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat, sanʼat va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha sobiq davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov boshqa ishga oʻtkazilgan.
Quronboyev Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha sektor rahbari Abdujabbor Abduvohidovga oʻrinbosar boʻlgan.
Xayriddin Sultonov boshqargan xizmatni ayni paytda Abdujabbor Abduvohidov boshqarib turadi.
Sultonov davlat rahbari spichrayteri (nutqlarini yozib beruvchi — tahr.) sifatida prezident maʼruzalarini tayyorlashda davom etadi va prezident maslahatchisi hisoblanadi.
Boshqa sobiq davlat maslahatchilari Rustam Qosimov, Rustam Inoyatov (B. Mavlonov birinchi oʻrinbosari), Viktor Mahmudov (Xavfsizlik kengashi kotibi) hamda Tursinxon Xudeybergenov oʻz lavozimlariga qayta tayinlangan. Prezident devonining sobiq rahbari Zelimxon Haydarovning keyingi faoliyati haqida hozircha maʼlumot yoʻq.
Shuningdek, Ishlar boshqarmasi ham tugatilib, uning oʻrniga yangi boshqarma tuzilgan. Prezident maʼmuriyati faoliyatini maʼmuriyat rahbari muvofiqlashtirib boradi.